Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Xitoyning Shandun provinsiyasi vitse-gubernatori Son Syunszi boshchiligidagi delegatsiya hamda “Shandong Gold Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida geologiya, metallurgiya va tog‘-kon sanoati sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, Samarqandda tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi natijalari va istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Shandong Gold Group” - Xitoyning oltin qazib olish va qayta ishlash sohalarida maxsuslashgan yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, xalqaro miqyosda ham faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya turli mamlakatlarda rivojlanish istiqboli yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, Shandun provinsiyasi geologiya qidiruv va mineral resurslarni o‘zlashtirish byurosi Xitoyning yer osti boyliklari sohasidagi yetakchi davlat muassasalaridan biri hisoblanadi. U yer osti resurslarini aniqlash, baholash va innovatsion yechimlar asosida o‘zlashtirish borasida katta tajribaga ega bo‘lib, xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Shandun provinsiyasi geologiya qidiruv va mineral resurslarni o‘zlashtirish byurosi hamda “Shandong Gold Group” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuv ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
N. Ziyodullayeva, O‘zA