Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xitoy: ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
18:32 / 2022-02-02

Xitoyning mashhur «Belt and Road Outlook» jurnalida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyevaning “O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

Muallifning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xitoy tili va adabiyoti, Xitoy tarixi va madaniyatini o‘rganish ming yillarga borib taqaladi va ikki xalq o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bilan uzviy bog‘liq. Ayniqsa, tarixiy markazlari Toshkent, Jizzax, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro va O‘zbekistonning boshqa shaharlari bo‘lgan Buyuk ipak yo‘li davrida ko‘p tomonlama munosabat gullab-yashnagan.

Maqolada ta’kidlanganidek, bugungi kunda ikki davlatning oliy ta’lim sohasidagi munosabati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan XXR Ta’lim vazirligi o‘rtasida 1999 yil 8 noyabrda imzolangan oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga asoslanadi.

Qayd etilishicha, har yili XXR O‘zbekiston uchun davlatlararo va SHHTga a’zo mamlakatlar hamkorligi dasturi doirasida Xitoy universitetlarida bir yillik amaliyot o‘tash uchun 60 ta o‘rin ajratadi. Mazkur grant doirasida talaba va stajyorlar Xitoyga nafaqat xitoy tilini o‘rganish, balki amaliyot o‘tash, ta’limning turli yo‘nalishlari va iqtisodiyot tarmoqlarida malaka oshirish maqsadida ham boradi. Shu bilan birga, fuqarolarimiz XXR universitetlari va Konfutsiy institutlari orqali grant asosida amaliyot o‘tash imkoniga ega.

O‘zbekistonda Konfutsiy institutlari tashkil etilgandan buyon minglab o‘zbekistonliklar xitoy tili bo‘yicha o‘qitildi, xitoy tilini bilish darajasi uchun HSK sertifikatiga ega bo‘ldi, Xitoyning an’ana va urf-odati, madaniyati bilan yaqindan tanishadi, debyozadi nashr.

O‘zbekistonda ham xitoy tili birinchi yoki ikkinchi chet tili sifatida o‘rganiladigan oliy o‘quv yurtlari soni ortmoqda. O‘zbekistonda xitoyshunoslik yo‘nalishidagi tayanch oliy ta’lim muassasasi va Markaziy Osiyo mintaqasida xitoyshunos mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan birinchi oliy o‘quv yurti Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidir.

Universitet Xitoyning Shanxay, Lanchjou, Xunan pedagogika, Tyanjin politexnika universiteti, Sian xalqaro tadqiqotlar universiteti kabi qator oliy o‘quv yurtlari bilan aloqa o‘rnatgan.

2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Dalyan shahridagi Lyaoning pedagogika universiteti bilan “Xitoy filologiyasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘sh diplom dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha Xitoy universitetlari bilan ilk ikki diplomli dastur bo‘ladi.

“Joriy yil TDSHU qoshida O‘zbekiston - Xitoy ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi xitoyshunoslik rivojida yana bir muhim voqea bo‘ldi, - deyiladi maqolada. - Monografiyalar tayyorlash, Xitoyning ichki va tashqi siyosati, iqtisodiy tajribasini o‘rganish, Buyuk ipak yo‘lini, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbolini o‘rganish, yangi avlod darsliklari yaratish, elektron arizani joriy etish, yosh tadqiqotchilar tayyorlash muhim yo‘nalishlar hisoblanadi”.

Shubhasiz, XXR universitetlari va tashkilotlari bilan davom etayotgan hamkorlik xitoy tilini mukammal biladigan, xitoyshunoslik sohasida keng va chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Bu ikki do‘st davlat hamkorligining yangi ufqlarini ochadi, deb yozadi «Belt and Road Outlook».

O‘zA