Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Xitoy strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda
10:19 / 2024-01-20

O‘zbekiston hududi Buyuk ipak yo‘lining muhim tugunida joylashganligi tufayli ham Xitoy davlati bilan o‘zaro munosabatlar bir necha ming yillik tarixga ega. Bugungi kunga kelib ikki davlat o‘rtasida munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, yangi davrda rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobarga, hamkorlikdagi qo‘shma korxonalar soni uch barobarga ko‘paydi. O‘tgan yil davomida o‘zaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yetdi. Tovar ayirboshlashni keyingi yillarda 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, shuningdek, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.  

Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizga yirik Xitoy kompaniyalari hamda bank-moliya institutlari investitsiyalarini jalb etishga imkon yaratadi.  

Yuqoridagi muhim maqsadli yo‘nalishlar bilan bir qatorda ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlik ham yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Oxirgi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasida ham o‘zaro hamkorlik yangi darajaga ko‘tarildi. Jumladan, mamlakatimizdagi qator oliy ta’lim muassasalarida “Xitoy tili” filologiyasi va tarjimonligi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilganligi, Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy institutining tashkil etilgani, Xitoy millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili bo‘limi faoliyat yuritayotgani, Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi hamkorliklar izchil rivojlanayotganidan dalolatdir. Ikki mamlakat o‘rtasida talabalar, o‘qituvchi va mutaxassislar almashinuvi muntazamlik kasb etgan. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi ishlab chiqarish kompaniyalari hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 15 avgust kungi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari vakillarini Xitoy Xalq Respublikasiga 2023/2024-o‘quv yili davomida stajirovkaga yuborish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, Farg‘ona politexnika institutining doktorantlari Xitoyning Dalyan politexnika universitetida (Dalian University of Technology) stajirovka o‘tashmoqda. Institut yosh olimlari 10 oy davomida mazkur universitetdagi ilmiy laboratoriyalarda ishlash bilan birga ta’lim jaryonlarining ilg‘or tajribalari bilan ham yaqindan tanishib, o‘z kasbiy mahoratlarini rivojlantirmoqdalar.  

Shuningdek, institutda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali yo‘lga qo‘yish hamda talabalar bandligi ta’minlashda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan ham o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Shunday istiqbolli hamkorliklardan biri Xitoyning “CONCH” qo‘shma korxonasi bilan amalga oshirilayotgan bo‘lib, korxonaning Andijon viloyatidagi filiali bilan talabalar bandligini ta’minlash, amaliyotlarini tashkil etish, haq to‘lanadigan stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish kabi bir necha yo‘nalishlarda manfaatli kelishuvlar mavjud.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu tashrifi doirasida O‘zbekiston-Xitoy 1-ta’lim Forumini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, Forumda yurtimizdan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbarligida 37 ta oliy ta’lim muassasasi vakillaridan iborat delegatsiya, Xitoy Xalq Respublikasidan 70 dan ziyod yirik universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari ishtirok etishi belgilangan. Forumda Farg‘ona politexnika instituti ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. Institut rejalaridan kelgusida Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘quv-uslubiy, ilmiy va innovatsion sohalarda o‘zaro samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish o‘rin olgan. Jumladan, Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti, Shimoliy Xitoy elektr energetika universiteti, Xitoyning Tianjin texnologiyalar universiteti hamda Tianjin xorijiy tillar(fanlar) universiteti bilan professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini, qisqa muddatli malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarini tashkil etish, hamkorlikda xalqaro va mahalliy loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz doim ta’kidlaganlaridek, barcha islohotlarimiz negizida ta’lim yotibdi. Ta’limga ilg‘or ijobiy xorijiy tajribalarni joriy etish, mamlakatimiz rivojiga munosib hissasini qo‘shadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash barcha soha vakillarining eng oliy burchimizdir.  

O‘ktam SALOMOV,

Farg‘ona politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori.