Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligi jadal kengaymoqda
12:35 / 2022-11-05

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligi jadal kengaymoqda, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikka bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.

Joriy yilning 4 noyabr kuni BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov O‘zbekistonda bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasining Szyaochjou shahri meri Yuy Dunsyuan boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida Xitoy delegatsiyasiga kompaniyaning investitsiya, eksport hamda logistika imkoniyatlari to‘g‘risida taqdimot qilindi va bu Xitoy delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida keng bozor imkoniyatlaridan foydalanishga qaratilgan qator o‘zaro manfaatli investitsiya va eksport loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, logistika, energetika, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish sohalarida hamkorlik masalalari, O‘zbekiston va Xitoyda SHHT mamlakatlari bilan yirik namoyish zonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi omborlari hamda markazlarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Erishilgan kelishuvlarga asosan BMB Trade Group kompaniyasi SHHTning integratsiyalashgan xizmat ko‘rsatish platformasi, Xitoy import va eksport yarmarkasi hamda SHHT savdo yarmarkasi a’zolaridan biriga aylanishi mumkin.

Shuni ta’kidlash joizki, 2022 yilning avgust oyida BMB Trade Group kompaniyasi Asia-Europe International Material Trade Center (AEEX) bilan hamkorlikda SHHT pilot zonasida investitsiya loyihalari, biznes va savdo aloqalarini rivojlantirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan vakolatxonasini ochgan.

Umuman olganda, AEEX bilan hamkorlikning rivojlanishi milliy mahsulotlarni Xitoy va SHHT mamlakatlarining keng bozoriga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, mahalliy mahsulotlarni Xitoy Xalq Respublikasiga eksport hajmlarini oshirish uchun zamin yaratadi.