Buxoro viloyati Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov xitoylik investor “Shanghai Kaida Safety Technology Engineering Co” kompaniyasi bosh direktori Zxang Fang Song boshchiligidagi investorlar bilan uchrashdi. Muloqotda hudud iqtisodiy salohiyati, chet ellik sarmoyadorlarga yaratilgan imkoniyat, investitsiya muhiti va kelgusidagi muhim hamkorlik muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tumanning “Zirabod” massivida barpo etilayotgan “Buxoro sanoatni rivojlantirish majmuasi” maxsus sanoat parkida investorlarga tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan sharoit, imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Kogon tumanida yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.

Masalan, temiryo‘lchilar tumanidagi Zirabod mahallasida “Buxoro sanoat rivojlantirish majmuasi” maxsus sanoat parki qurilishi olib borilmoqda. “Zirabod” cho‘l massividan tanlangan ming gektar maydonda amalga oshirilayotgan loyiha natijasida Buxoro viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishiladi.

Bunda birinchi bosqichda 300 million AQSH dollariga teng loyiha amalga oshiriladi. Bu sa’y-harakat viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million AQSH dollari miqdorida qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million AQSH dollari miqdoridagi eksport imkonini beradi.
Ayni paytda umumiy maydoni 93 ming kvadrat metr bo‘lgan ikkita yirik ishlab chiqarish binosida qurilish ishlari olib borilmoqda. Ob’ekt 2025 yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirilishi, bunda polimer quvurlari va “PET” tolasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri