Toshkent fotosuratlar uyida xalqaro madaniy aloqalarning yuksak namunasi bo‘lmish “Ajoyib Xitoy, go‘zal Shinjon” fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tasviriy san’at orqali ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish va o‘zaro ijodiy almashinuvni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazma Shinjon–Uyg‘ur avtonom rayoni tashkil etilganining 70 yilligiga bag‘ishlandi.

Unda Shinjon ijodkorlari yaratgan klassik va zamonaviy tasviriy san’at asarlari, badiiy suratlar, milliy urf-odatlar, tarixiy xotira va zamonaviy taraqqiyotni aks ettiruvchi badiiy obrazlar, betakror tabiiy manzaralarni tasvirlovchi ijodiy durdonalar namoyish etildi.

–O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlab bugungi kungacha davom etib kelmoqda, –dedi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun. – Asrlar osha shakllangan bu yaqinlik bugun yangi mazmun kasb etmoqda. Ikki davlat rahbarlari olib borayotgan oqilona siyosat tufayli aloqalar har qachongidan ham keng ko‘lamli hamkorlik bosqichiga chiqdi. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida xalqlarimiz madaniy jihatdan ham tobora yaqinlashib, san’at orqali do‘stlik va o‘zaro tushunishni yanada mustahkamlamoqda.

–San’at — bu qalblar tili, u millat va makon chegaralarini yengib o‘tadi, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur. – Bugun biz Shinjonning rang-barang badiiy manzaralarini Toshkentda tomosha qilar ekanmiz, bu nafaqat san’at namoyishi, balki ikki xalq do‘stligining yangi ifodasidir. Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasining xalqaro madaniy hamkorlik maydonida tutgan o‘rnini yanada mustahkamlab, badiiy tafakkur orqali xalqlarimizni yaqinlashtirayotganini ko‘rsatadi.

Tadbirda qayd etilganidek, “Ajoyib Xitoy, go‘zal Shinjon” ko‘rgazmasi ikki xalqning mushtarak qadriyatlari, do‘stona rishtalari va kelajakdagi hamkorlik istiqbollarini yorqin ifoda etib, O‘zbekiston–Xitoy madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma 30 avgustgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA