English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Xitoy: oliy ta’limdagi hamkorlik
12:23 / 2024-01-21

Xitoy bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun muhimdir.

Buxoro muhandislik-texnologiya  instituti va Pekindagi “RuiPan International Education Technology” oliy o‘quv yurti o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dasturga muvofiq, Xebey texnologiya va muhandislik kasb-hunar universitetida “Yangi energiya  vositalari” mavzusida ikki haftalik kurs mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Buxoro muhandislik-texnologiya  instituti rektori Sadoqat Siddiqova bu haqda bizga gapirib berdi.  

–-Xebey texnologiya va muhandislik kasb-hunar universiteti Xitoyning Xebey viloyati Xingtai shahrida joylashgan,– deydi rektor. –-Bu asosan muhandislik bo‘yicha ixtisoslashgan davlat kunduzgi universiteti. Universitet transchegaraviy ta’lim, xalqaro tajriba va yuqori sifatli ko‘p tarmoqli xalqaro kurslarni taqdim etishda katta tajribaga ega. 20 mingdan ortiq talaba tahsil oladigan va 1000 dan ortiq professor-o‘qituvchini ish bilan ta’minlaydigan Xebey texnologiya va muhandislik kasb-hunar universiteti korxonalar, davlat idoralari va xorijiy kasb-hunar kollejlari bilan iste’dodlarni rivojlantirish bo‘yicha yaqin aloqalarni  rivojlantirmoqda. Universitet doimiy ravishda yangi ta’lim usullarini, shu jumladan, onlayn va masofaviy ta’lim rejimlarini joriy qilmoqda, turli xalqaro do‘stona universitetlarning ehtiyojlarini qondirish uchun doimiy ravishda innovatsiyalarni amalga oshirmoqda, zamon bilan hamnafas va texnologik yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Universitet  talabalar uchun 16 ta mutaxassislikni taklif etadi, jumladan, avtomobil muhandisligi texnologiyasi, mexanik muhandislik va ishlab chiqarish, elektrotexnika va avtomatlashtirish, shuningdek, tikuvchilik muhandisligi texnologiyasi va arxitektura texnologiyasi kabi 40 dan ortiq professional  mutaxassislarni tayyorlaydi.

O‘quv kursi davomida yangi energiya vositalarini ishlab chiqaradigan Xitoyning asosiy ishlab chiqaruvchilari tanishtirildi hamda ushbu yo‘nalishdagi xitoylik olimlarning batafsil tadqiqotlari, shuningdek, keyingi tadqiqotlar zarur bo‘lgan muammolar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Professor-o‘qituvchilarimiz akkumullyator- batareyalarning yangi modellari haqida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlarda yangi energiyaga asoslangan transport vositalarining diagnostikasi o‘rganilib, maxsus o‘quv stendi  orqali transportning turli ko‘rsatkichlari o‘lchandi.  Bundan tashqari, elektr jihozlari, zaryadlash tizimlari haqida zamonaviy tajribalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar oshirildi.

Xitoy o‘zining iqtisodiyoti dinamikasini va biznes sohasidagi aloqalarning faolligini hisobga olgan holda, tobora rivojlanib borayotgan ta’lim yo‘nalishi hisoblanadi.

Joriy yilning 22-23 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan forum O‘zbekiston hamda Xitoy oliy ta’limi o‘rtasidagi hamkorlik va texnika-texnologiya  taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri