Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Xitoy: neft-gaz tarmog‘ida ilg‘or uskunalarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
10:04 / 2026-02-02

Neft-gaz tarmog‘ini barqaror rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va quduqlar ekspluatatsiyasi samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or uskunalarni amaliyotga tatbiq etish hamda innovatsion yondashuvlardan foydalanish sohadagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan ishchi guruh tomonidan neft-gaz sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish jarayonlari va ilg‘or sanoat tajribalarini o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Safar davomida gaz qazib olish jarayonlarini optimallashtirishga qaratilgan texnik yechimlar hamda uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator kompaniyalar faoliyati bilan tanishilmoqda.

Jumladan, mutaxassislar gaz quduqlari ish faoliyatida quduq tubini suyuqliklardan tozalashga mo‘ljallangan ko‘p fazali mobil qurilmalar, shuningdek, quduq usti kompressor uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ROSO Group” kompaniyasining ishlab chiqarish salohiyati va texnik imkoniyatlarini o‘rgandi. Uchrashuvlar davomida uskunalarning ishlash tamoyili, texnik ko‘rsatkichlari hamda amaliyotda qo‘llash natijalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, “ROSO Group” 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, loyihalash, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, ishlab chiqarish hamda servis xizmatlarini o‘z ichiga olgan kompleks korxona guruhi hisoblanadi. Bugungi kunda guruh tarkibiga Shanxay, Chendu, Szыgun, Chjoushan, Chjanszyagan va Suchjou shaharlarida joylashgan o‘nta kompaniya hamda to‘rtta ishlab chiqarish korxonasi kiradi. Korxonada jami 220 nafarga yaqin mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Kompaniya tomonidan quruqlikdagi neft va gaz uskunalari, dengiz muhandislik inshootlari, neft-kimyo sohasiga oid texnologik yechimlar, ko‘mir qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlari uchun integratsiyalashgan tizimlar hamda gidravlik yorilish xizmatlari taklif etilmoqda. Mazkur mahsulot va xizmatlar Xitoy hamda xalqaro neft-gaz bozorlarida keng qo‘llanilib, “ROSO Group” ni neft konlarini samarali ekspluatatsiya qilishga qaratilgan uskunalar ishlab chiqarish sohasida yetakchi xususiy korxonalar qatoriga olib chiqqan.

Uchrashuvlar chog‘ida kompaniyaning ishlab chiqarish imkoniyatlari, texnik yechimlari va uskunalarining asosiy ekspluatatsion ko‘rsatkichlari muhokama qilinib, tomonlar o‘zaro tajriba almashdilar. Shuningdek, ushbu uskunalarni mahalliy geologik va ishlab chiqarish sharoitlarida qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalar yakunida zamonaviy qurilmalarni “O‘zbekneftgaz” tizimi korxonalarida joriy etish imkoniyatlari yuzasidan texnik ko‘rsatkichlar qayta ko‘rib chiqildi. Tomonlar belgilangan tartibda texnik-tijorat takliflarini taqdim etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA