French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yosh sharqshunos tahlilchilar nigohida (+video)
09:23 / 2024-02-08

O‘zAning yaqin hamkori – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi a’zolari ishtirokida “O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yoshlar nigohida” nomli davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirni universitet huzurida tashkil etilgan “Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi” direktori Qahramon Xaqberdiyev ochib berdi va bugungi kunda Xitoy O‘zbekiston uchun asosiy strategik hamkorlardan biri ekanini ta’kidladi. “Sharqshunos tahlilchilar” klubi a’zolari yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z auditoriyasiga egaligi, kelajakda ushbu yoshlar orasidan yetuk siyosiy tahlilchilar yetishib chiqishiga umid bildirildi.

Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida mahalliy xitoyshunos olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar O‘zbekistonda xitoyshunoslik maktabi rivojlanish tendensiyasida yosh siyosatshunos va professional sharqshunos tahlilchilar tayyorlash zarurati haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, davra suhbatida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Suhrob Bo‘ronov rahbarligidagi yosh tahlilchilar guruhi bugungi globallashuv zamonida Xitoyning mavqei o‘sib borishi, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi, ushbu mamlakatning Markaziy Osiyodagi manfaatlari, ikki davlat munosabatlari jadal rivojlanayotgani to‘g‘risida qiziqarli tahliliy ma’lumotlar keltirildi.

Zilola Ahmedova,

“Sharqshunos tahlilchilar” klubi a’zosi, TDSHU 4-bosqich talabasi:

– XXI asrning izchil o‘zgarib borayotgan dunyo tartibotida Xitoy yetakchi davlatlar tarkibida bormoqda. Bu mamlakat dunyoning yirik global kuchi maqomiga vazminlik bilan erishmoqda. Xitoyning tashqi siyosati so‘nggi o‘n yillikda sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Bu mamlakatning global kuch sifatida namoyon bo‘lishini bildiradi. Xitoy tashqi siyosati aralashmaslik, tinch rivojlanish va xalqaro hamkorlik kabi bir necha asosiy tamoyilga asoslanadi. Aralashmaslik boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmaslikdir, tinch rivojlanish esa global barqarorlikka tahdid solmagan holda, iqtisodiy o‘sishni ifodalaydi.

Texnologik innovatsiya sohasidagi yutuqlari Xitoyning xalqaro miqyosdagi rolini yanada mustahkamladi. Mamlakat 5G texnologiyasi, sun’iy intellekt va qayta tiklanadigan energiya kabi sohalarda yetakchi davlatga aylandi. Shuningdek, Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida global xavfsizlik va diplomatiyani shakllantirishda muhim ta’sirga ega. Veto huquqi ushbu davlatga tanqidiy qaror qabul qilishda munosib o‘rin egallash imkonini beradi va Xitoyni xalqaro muammolarni hal qilishda asosiy davlatlardan biriga aylantiradi.

Mamlakat Osiyo, Afrika va Yevropa bo‘ylab yirik infratuzilma investitsiyasi orqali aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va shu orqali o‘z ta’sirini kengaytirishga intiladi. Bu iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish bilan birga, global barqarorlik uchun muhim bo‘lgan mintaqalarda kuch muvozanatiga ta’sir ko‘rsatuvchi qarz diplomatiyasi va geosiyosiy ta’sirga oid xavotirlarni ham keltirib chiqaradi.

Jasmina Turdimurodova,

“Sharqshunos tahlilchilar” klubi a’zosi, TDSHU 2-bosqich talabasi:

– “Bir makon, bir yo‘l” global tashabbus bo‘lib, 2013 yil sentyabr oyida Qozog‘istonda Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan e’lon qilingan. Asosiy mohiyati Xitoyni Janub va G‘arb bilan bog‘lovchi kommunikatsiya tizimini yaratishdan iborat bo‘lgan mazkur loyihaning yana bir e’tiborli jihati yildan yilga qiziquvchilar soni ortib borayotganida. 2023 yil 17-18 oktyabr kunlari Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, qator muhim taklif, tashabbuslarni ilgari surdi.

Bilasizmi, “Bir makon, bir yo‘l”ga a’zo mamlakatlar bilan sayyohlik sohasida faol hamkorlik O‘zbekiston uchun ham ulkan imkoniyatdir. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlar tomonidan sarflangan pullarning 20 foizidan ko‘pi Xitoy ulushiga to‘g‘ri kelarkan.

O‘zbekistonning "Bir makon, bir yo‘l" davlatlari bilan hamkorligi ulkan, hali to‘la amalga oshirilmagan salohiyatga ega. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan transport, innovatsiya va ta’lim sohalariga oid aniq tashabbuslar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yangi darajaga ko‘tara oladi, “Bir makon, bir yo‘l” doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga to‘siq bo‘lib turgan eng dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlikka yo‘naltiradi.

Abdurahmon Ergashev,

“Sharqshunos tahlilchilar” klubi a’zosi, TDSHU 3-bosqich talabasi:

– Bugungi kunda Xitoy va Markaziy Osiyo munosabatlari yangi davrga, sifat jihatidan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar, axborot almashinuvi va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Xitoyning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosatini tushunish uchun, avvalo, ushbu mamlakat tashqi siyosati prinsiplarini tushunib olish kerak. Bular 1948 yilda tuzilgan tinch-totuv yashashning 5 tamoyilidir:

1. Hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilish;

2. O‘zaro tajovuz qilmaslik;

3. Bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik;

4. Tenglik va o‘zaro manfaatdorlik;

5. Birga tinch-totuv yashash, hamjihatlik.

Ikki tomonlama aloqalar O‘zbekiston uchun ham, Xitoy uchun ham birdek manfaat keltiradi. Masalan, Xitoy uchun:

1.  Mintaqaning tabiiy boyliklari;

2. Mintaqada energiya resurslari ko‘pligi;

3. Mintaqaning xavfsizligi.

O‘zbekiston uchun:

1. Yirik investitsiya jalb etish;

2. Yashil energetika. Masalan, hozir yashil energetika sohasida mintaqaning asosiy sherigi XXR.

3. Yeropaga yo‘l, ya’ni Xitoy tomonidan qurib bitkazilayotgan o‘rta yo‘lak orqali mintaqa davlatlari uchun Yevropaga yo‘l ochiladi.

Umuman, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabat yuqori darajada rivojlanayotgani – strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga asos bo‘ladi.

Shahnoza Nasimova,

“Sharqshunos tahlilchilar” klubi a’zosi, TDSHU 2-bosqich talabasi:

– 1992 yil 2 yanvarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. O‘zaro bir-birini hurmat qiladi, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatga ega. Bundan tashqari, har ikki davlatning boy tarixiy-madaniy merosi ham xalqlarimiz bir-birini yaqindan bilishi uchun yaxshi sharoit yaratmoqda. Ipak yo‘lining Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mashhur qadimiy shaharlari xitoylik sayyohlar e’tiborini doim o‘ziga jalb etib kelgan. Ayni payt o‘zbekistonliklar Ipak yo‘li vatani bo‘lmish Xitoyga sayohat qilib, qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unligini his qilib qaytishmoqda.

Uzoq muddatli hamda samarali O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining asosiy tamoyillari ko‘plab hujjatlarda aksini topgan. Jumladan, “Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”, “Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma”, “O‘zbek-Xitoy hamkorligini yanada kuchaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya”, Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv bitimi, Xalqaro avtomobil transprt yo‘li to‘g‘risidagi bitim kabi 200 dan ortiq hujjat shular jumlasidan.

<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/pnXG7yYBU1s" title="Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari yosh sharqshunos tahlilchilar nigohida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tgan 32 yil ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari barcha darajadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, yangi ufqlar ochmoqda.

Qizg‘in bahs-munozaraga boy kechgan tadbirda Xitoyning hozirgi davrda o‘sib borayotgan nufuzi va ta’siri, shuningdek O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar ko‘lami tez sur’atda rivojlanib borishi sharoitida Xitoy tashqi siyosiy strategiyasini chuqur tadqiq etish vazifasi ilmiy tadqiqotlar uchun dolzarb zarurat ekani alohida ta’kidlandi.

O‘tkir Alimov tayyorladi.

O‘zA