Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning XXRga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi tarixida muhim voqea bo‘ldi. Pekindagi tantanali tadbirlar va Tyanszindagi SHHT sammitida davlatimiz rahbarining Rais Si Szinpin bilan uchrashuvi ikki tomonlama munosabatga yangi siyosiy-iqtisodiy sur’at bag‘ishladi. Tomonlar strategik rejalar ishlab chiqib, transport, energetika, raqamli iqtisodiyot va madaniyat sohalarida qator kelishuvlarga erishdilar.
Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan poytaxtimizda tashkil etilgan maxsus brifingda ushbu tashrif, o‘zaro munosabat va hamkorlikdagi investitsiya jarayoni haqida so‘z bordi.
Tadbirda XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bugungi siyosiy jarayon, ikki tomonlama sheriklik mavzusida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, davlat rahbarlari joriy yil ikki bor uchrashib, munosabatlarni rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Iyun oyidagi “Xitoy – Markaziy Osiyo” muzokaralari chog‘ida munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik reja ishlab chiqildi va yanada mazmunli, hayotiy mushtarak O‘zbekiston – Xitoy hamjamiyatini birgalikda barpo etishga kelishib oldilar.
Oliy darajadagi diplomatiya o‘zaro munosabatning yorqin ramzi, hal qiluvchi siyosiy kafolatiga aylandi. To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, yetakchilarning strategik rahbarligi ostida aloqalarimiz rivojlanishning “oltin davri”, hamkorlikning “tezkor yo‘lagi”ga kirdi.
Brifingda SHHT sammiti mavzusi ham alohida muhokama qilindi. 23 mamlakat yetakchilari ishtirok etgan Tyanszin yig‘ilishi tashkilot tarixidagi eng yirik sammit bo‘ldi. Si Szinpin ilgari surgan yangi tashabbuslar – to‘rt xavfsizlik markazi va SHHT Taraqqiyot banki tashkil etilishi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik uchun keng imkoniyat yaratishi kutilyapti.

– Xitoy tomoni SHHTga raislik davrida doim amaliy harakatga urg‘u bergan, – deydi Yuy Szyun. – O‘tgan davr mobaynida 200 ga yaqin tadbir o‘tkazildi, 92 yakuniy hujjat e’lon qilindi, 36 hamkorlik tashabbus yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlari milliy voqelikka mos zamonaviy taraqqiyot yo‘lini faol o‘rganmoqda, boshqaruv uslubini takomillashtirib, samaradorlikni oshirmoqda. Xitoy bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirdi va O‘zbekiston bilan davlat boshqaruvi sohasida faol tajriba almashmoqda. Ayni jarayon munosabatlarimizning muhim yo‘nalishidir. Ayniqsa, xalq farovonligi va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ikki soha – kambag‘allikni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik chuqurlashmoqda.
Davlat rahbarlarining e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli qashshoqlikni qisqartirish sohasidagi sheriklik eng ustuvor yo‘nalishga aylandi va O‘zbekiston taraqqiyotiga kuchli turtki berdi.
Tegishli idoralar aro yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, Xitoyga uyushtirilayotgan ko‘plab sayohatlar davomida turli treninglar tashkil etilyapti. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha Chin tajribasidan kelib chiqib, maxsus tavsiyalar ishlab chiqdi.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda 32 tashabbus yo‘lga qo‘yilgan. Qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan ekinlar ekish, yashil va xayriya ish o‘rinlari yaratish, elektron tijoratni rivojlantirish va bepul kasbiy ta’lim berish shular jumlasidan.
Darhaqiqat, ko‘rilayotgan qator foydali chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, joriy yil respublikamizda qashshoqlik darajasi jadal sur’at bilan 6,8 foiz kamaydi. Bu natija xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanmoqda.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar har tomonlama olg‘a surilayotgani, korrupsiyaga qarshi kurash faollashgani va eng muhimi bu borada qator ijobiy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
– Korrupsiyaga qarshi kurash ham sheriklikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan, – deya so‘zini davom ettirdi Elchi. – Umuman, har ikki tomon davlat xizmatini rivojlantirish sohasida o‘zaro almashinuvni yanada kuchaytirishga tayyor.
Brifingda Xitoyning global boshqaruv tashabbusi ham muhokama qilindi. Ko‘plab davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur loyihani Prezident Shavkat Mirziyoyev “adolatli va oqilona xalqaro tartibotga xizmat qiluvchi” tashabbus sifatida e’tirof etdi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etib, so‘zga chiqqan yig‘inda Yuy Szyun jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA