Kimyo sanoati zamonaviy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri bo‘lib, mamlakatning industrial salohiyatini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, bugungi kunda soha korxonalarida amalga oshirilayotgan texnologik yangilanishlar, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar hamda xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikdagi yirik loyihalar kimyo sanoatining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov va Xitoy Xalq Respublikasining “Sinoma Energy Conservation” kompaniyasi boshqaruvi raisi Men Sinlin o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ana shunday hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Unda qayd etilganidek, “Sinoma Energy Conservation” kompaniyasi dunyodagi yirik qayta tiklanuvchi energiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga ixtisoslashgan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistonda ham bir qator muhim loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Navoiy viloyati Karmana tumanida barpo etilgan 300 MVt quvvatli quyosh stansiyasi ham tomonlar hamkorligi natijasidir. Shuningdek, kimyo sanoati korxonalarida eski nasos stansiyalarini zamonaviy, yuqori energiya samaradorligiga ega yangi nasos agregatlari bilan bosqichma-bosqich almashtirish ishlari ham izchil davom etmoqda.

Joriy yilda “Navoiyazot” AJda nasos agregatlarini o‘rnatishning birinchi bosqichi doirasida yil yakuniga qadar 6 ta nasosni to‘liq almashtirish va natijada 11 million kilovatt soat elektr energiyasini tejash rejalashtirilgan.
Muloqot davomida tomonlar “Maksam-Chirchiq” AJda energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, “Navoiyazot” AJda ammiakli selitra ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va ekologik xavfsiz, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, “O‘zkimyosanoat” AJ va “Sinoma Energy Conservation” o‘rtasida energiya samaradorligini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish hamda kimyo sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan 4 ta kelishuv imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA