Bojxona qo‘mitasida Xitoy Xalqaro taraqqiyot va hamkorlik agentligi vakili Du Jenli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama texnik hamkorlik, amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi grant loyihalarga doir masalalar muhokama qilindi.
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nosirov mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro amaliy hamkorlik so‘nggi yillarda tobora kengayib, mustahkam institutsional asoslarga ega bo‘layotganini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2019–2021 yillar mobaynida Xitoy Hukumatining texnik ko‘magi doirasida O‘zbekistonga yetkazib berilgan 5 ta yirik inspeksion ko‘rik majmualari va 20 ta o‘rta hajmli rentgen uskunalari hozirgi kunda Toshkent, Buxoro hamda Surxondaryo viloyatlarida joylashgan yirik bojxona postlariga o‘rnatilgan bo‘lib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuv davomida istiqboldagi ikkita muhim loyihaga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Xitoy Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida qiymati 26 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy uskunalarni yetkazib berish hamda ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya vakillari Bojxona qo‘mitasining Targetlash va xavflarni monitoring qilish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifning amaliy qismi sifatida mehmonlar “S.Najimov” chegara bojxona postiga ham tashrif buyurib, u yerda joriy qilingan zamonaviy nazorat texnik vositalari va xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan ham tanishishdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA