Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xitoy iqtisodiy hamkorligi har ikki tomon uchun manfaatli
14:29 / 2024-01-21

O‘zbekistonda oxirgi yillarda 5-6 foizli yuqori iqtisodiy o‘sish sur’ati qayd etilmoqda. Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017 yilga nisbatan 1,5 barobar oshib, 2022 yil 3,3 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport 2023 yil yanvar-noyabr oralig‘ida 23 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga o‘sdi.

Islohotlarni tizimli davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, ulkan vazifalar belgilangan. Xususan, yalpi ichki mahsulot miqdorini 160 milliard dollarga ko‘tarish, jami 250 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish, eksport ko‘lamini 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.

2030 yilga borib 25 gigavattdan ziyod qayta tiklanuvchi energiya quvvati barpo etish, 2017 yildan buyon ikki barobar kamaygan kambag‘allik darajasini 2030 yilgacha 7 foizga tushirish maqsad qilingan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo aylanmasini hozirgi 52 milliarddan 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, jumladan sanoat mahsulotlari ulushini 70 foizga yetkazish uchun real imkoniyat mavjud.

Tabiiyki, bu maqsadlarga erishish uchun asosiy ishlab chiqarish tarmog‘ini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish uchun salmoqli xorijiy investitsiya kerak. Shuningdek, tashqi siyosatda faollik, qudratli, rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.

Bu jarayonda Xitoy bilan hamkorlik orqali sanoatni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish muhim. Bugungi kunda Xitoy va O‘zbekiston savdo, investitsiya, infratuzilma, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarda sheriklik qilib kelmoqda. Eng yirik savdo sherigimiz hisoblangan ushbu davlat yurtimizga kirib kelayotgan umumiy xorijiy investitsiya borasida ham yetakchilardan sanaladi.

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 12 milliard dollardan oshgan. Vaholanki, 2015 yil ushbu ko‘rsatkich atigi 4,7 milliard dollar edi. O‘zbekistonning umumiy tashqi savdosida Xitoyning ulushi 21,3 foizga yetib, tashqi savdo hamkorlari orasida birinchi o‘ringa chiqqan.

Xitoy O‘zbekistonga asosan mashina va jihozlar yetkazib bersa, O‘zbekiston Xitoyga to‘qimachilik, kimyo mahsulotlari, rangli metall, meva-sabzavot eksport qiladi. Xitoyga eksportimiz 2,2 milliard dollarga teng, import qiymati esa qariyb 10 milliard dollar.

Xitoyning respublikamiz iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi o‘sishi sur’ati jadallashib, so‘nggi yillarda 5 barobar ortdi va 2,2 milliard dollarga yetdi. Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 barobar oshgani ham e’tiborli. O‘zlashtirilgan jami xorijiy investitsiya va kredit hajmi bo‘yicha Xitoy 16,4 foiz ulush bilan ikkinchi davlatga aylangan.

Xullas, Xitoy va O‘zbekiston samarali hamkorlar ekani ayon. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari esa bu jarayonni yanada faollashtirishga zamin yaratmoqda. Davlatimiz rahbarining 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga bo‘ladigan navbatdagi tashrifi ham ikki davlat uchun har tomonlama foydali, samarali kechishiga ishonchimiz komil. Bunday hamkorlik davlatlarimiz uchun o‘zaro manfaat keltiradi, Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishi, barqarorlashuviga xizmat qiladi.

Eldor Tulyakov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori,

O‘zA