Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning Xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetida (UIBE) Toshkentdagi Piza universiteti filiali hamda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy qilish va talabalar uchun qo‘shma akademik dasturlarni tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, oliy ta’lim sohasida tajriba almashish va professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish dasturlari bo‘yicha ham fikr almashildi.

Muzokaralar natijasida “Xalqaro savdo” va “Biznesni boshqarish” yo‘nalishlarida “1+3” qo‘shma ta’lim dasturini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu dastur talabalarga birinchi yilni Toshkentdagi Piza universiteti filialida o‘qish imkonini beradi, keyingi uch yilda esa ular UIBE universitetida ilmiy va amaliy bilim olishadi. Bu hamkorlik nafaqat talabalar uchun, balki ikki davlat oliy ta’lim tizimlari uchun ham muhim qadam hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga qilgan ushbu amaliy safari ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash hamda zamonaviy xalqaro ta’lim dasturlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishda alohida ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA