O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabat tarixida yangi sahifa ochdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Xitoy munosabati yangi bosqichga chiqdi. Bu holat eng avvalo iqtisodiy sohada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2023 yil O‘zbekistonda Xitoy kapitali asosida 600 ta korxona ishga tushirilgan bo‘lsa, ikki tomonlama tovar aylanmasi 50 foiz oshib 13 milliard 722 million dollarni tashkil etdi. Mamlakatimiz tashqi savdosida Xitoyning ulushi 21,9 foizga yetdi.
Hozir yurtimizda Xitoy kapitali asosida 2400 dan ziyod korxona faoliyat yurityapti. Bu raqam muntazam o‘smoqda. 2023 yil 19 may kuni davlatimiz rahbarining Sian shahriga amaliy tashrifi doirasida qiymati 3,3 milliard dollar qiymatdagi 15 ta loyiha ishga tushirildi. 2024 yil 25 yanvar kuni Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumida 600 dan ko‘p yirik biznes vakillari ishtirok etdi. Yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, yirik banklar ham qatnashgan anjumanda elektrotexnika, mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika sohalarida loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
O‘zbekiston yetakchisi tashrif davomida XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun, CITIC korporatsiyasi rahbari Si Goxua bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida transport-logistika, energetika, agrar, investitsiya sohalari bo‘yicha muzokaralar kechdi. Jumladan, OIIB rahbari bilan uchrashuvda energetika, suv ta’minoti, avtomobil va temir yo‘llarni rekonstruksiya qilish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalar muhokama qilindi, bank boshqaruvchilari kengashining 2024 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lajak yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va mazkur anjumanni yuqori saviyada o‘tkazishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etgan ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida davlatlar o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, texnik-iqtisodiy hamkorlik, inson resurslarini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot, transport kabi sohalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
“Xitoy – Qirg‘iston – O‘zbekiston” transport yo‘lagi ishga tushishi, O‘zbekistonning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasida ishtirok etishi, shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta foyda keltiradi. Xususan, O‘zbekiston uchun tranzit haqi ta’minlanadi, keyinchalik boshqa davlatlarga mahsulotlar eksport qilish uchun quriladigan korxonalarda yangi ish o‘rinlari yaratilishi barobarida davlat byudjetiga tushum sezilarli darajada ko‘payadi.
Umuman, davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi har ikki tomon uchun juda muhim bo‘lib, o‘zaro munosabatlar rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Hikmatilla Kazakbayev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Xitoy tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi mudiri