Xitoy Xalq Respublikasi Pekin shahri hukumati taklifiga binoan Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi delegatsiya Pekin shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif dasturi doirasida Pekin shahri hokimining o‘rinbosari janob Jin Vei bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlar siyosati, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda sport sohalariga oid fikrlar almashildi hamda ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik doirasidagi tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari iMEDWAY kompaniyasi rahbari Villiam Han bilan uchrashdi. Uchrashuvda kompaniyaning bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida olib borayotgan innovatsion loyihalari bilan tanishildi. Ushbu tashkilot bilan kelajakdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari ta’lim sohasiga oid TAL (Tomorrow Advancing Life) ta’lim tashkilotining prezidenti Vei Chen bilan ham uchrashdi. Tashrif jarayonida tashkilotning STEM fanlarini o‘qitish, xalqaro imtihonlarga tayyorlov hamda innovatsion metodikalarni joriy etishdagi tashabbuslari bilan tanishishdi hamda ikki tomonlama loyihalarni poytaxt ta’lim tizimiga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Pekin shahri hokimiyati taklifiga binoan "Robot World" robotlar markaziga tashrif buyurishdi. U yerda robototexnika yo‘nalishidagi yoshlarning texnik ishlanmalari va ularning ta’lim olishidagi yaratilgan qulayliklar, robototexnika yoshlar markazida yo‘lga qo‘yilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi hamda kelajakda markaz bilan hamkorlikda Toshkent ta’lim muassasalaridagi robototexnika sinflarini mazmunan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA