Keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari iqtisodiy integratsiya chuqurlashuvi hamda Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borishi sharoitida izchil rivojlanmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) O‘zbekistonning asosiy savdo hamkord va yetakchi investori sifatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda. O‘z navbatida, Toshkent Pekinni milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, infratuzilma va sanoat salohiyatini rivojlantirish, shuningdek texnologiyani yangilash kabi yo‘nalishlardagi eng muhim hamkor sifatida biladi.
O‘tgan yil davomida O‘zbekiston va Xitoy munosabati rivojlanish sur’atini baholash uchun ikki davlat rahbarlari va rasmiy doira vakillari uchrashuvlari, biznes hamkorligi jadallashishi, umumiy savdo va investitsiya ko‘lami kengayishi tahlili muhim ahamiyat kasb etadi. 2025 yil turli darajadagi tadbirlar – davlat rahbarlari o‘zaro tashriflari, hukumatlararo va sohaviy maslahatlashuvlar mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Masalan, siyosiy aloqalar mamlakat rahbarlari o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi. Mazkur jarayon hamkorlikni kengaytirish, konstruktiv muloqotni rivojlantirish va o‘zaro kelishilgan majburiyatlarni samarali amalga oshirish uchun mustahkam institutsional asosni shakllantirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin mayda Qozog‘istonning Ostona shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasida, sentyabr oyida Pekin shaharida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, muntazam muloqotni qo‘llab-quvvatladilar. Bu siyosiy kurs uzviyligini ta’minlash, xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirishga xizmat qildi. Muhim yutuq sifatida o‘zaro hamkorlikning institutsional mexanizmlari — hukumatlararo qo‘mita, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Strategik muloqot va turli sohalardagi hamkorlik tuzilmalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishi ta’minlandi. Davlatlarimiz milliy manfaatlarga daxldor asosiy masalalarda bir-birini izchil qo‘llab-quvvatladi, BMT, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama xalqaro platformalarda o‘zaro muvofiqlashuv kuchaydi. Natijada siyosiy sherikli sifat jihatidan chuqurlashib, uzoq muddatli strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarildi.
Mamlakatimiz yetakchisi XXRning 2 nafar yuqori lavozimli rahbari – Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao hamda KP MQ Tashqi ishlar devonxonasi rahbari, tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qildi. Uchrashuvlar davomida yangi davrda O‘zbekiston – Xitoy har tomonlama strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Davlatlararo munosabatda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi faol muloqot ham muhim o‘rin tutadi. 2023 yil 21 noyabr kuni Pekin shahrida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida yangi hamkorlik formati – “Strategik muloqot” yo‘lga qo‘yilgan edi. 2025 yil noyabrda esa Ikkinchi strategik muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu mexanizm o‘zaro ishonchni mustahkamlab, o‘zaro munosabat strategik darajada barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatining o‘ziga xos jihati sifatida davlat rahbari rasmiy tashriflarini ishbilarmonlik uchrashuvlari bilan uyg‘un holda olib borish amaliyotini qayd etish lozim. Xususan, Xitoyga amalga oshirilgan barcha tashriflarda mamlakatimiz rahbari iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga urg‘u berib, yirik kompaniyalar va moliya tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlar davomida davlat rahbari mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bilan birga, davlatimiz iqtisodiyotining jadal o‘sish sur’atini ta’kidladi.
Bunday format ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va investitsiya jalb etish mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim omili sifatida belgilab olingani, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan strategik intilish ifodasidir.
Yuqoridagi sa’y-harakatlar samarasini O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va investitsiya hamkorligi sur’atida bevosita kuzatish mumkin. Ishbilarmonlik aloqalari jadal o‘sishiga mos ravishda o‘zaro savdo hajmi ham izchil ortmoqda. Xususan, 2025 yil yanvar-noyabr oylarida o‘zaro tovar aylanmasi 14,6 mlrd. dollarga yetdi. Bu Xitoyning O‘zbekiston uchun eng yirik savdo hamkori sifatidagi mavqeini mustahkamladi. Xitoy kompaniyalarining yurtimizdagi loyihalarga qiziqishi tobora ortmoqda. 2017-2024 yillar mobaynida iqtisodiyotimizga jalb etilgan Chin investitsiyasining umumiy qiymati 24,6 mlrd. dollarni tashkil etdi. 2025 yil oxiriga kelib, Xitoydan kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya qariyb 15 mlrd. dollarga yetdi. 2024 yil ushbu ko‘rsatkich 10 mlrd. dollar edi. Qo‘shma loyihalar jami portfeli qariyb 90 mlrd. Dollar yoki iqtisodiyotimizga kiritilgan xorijiy sarmoyaning taxminan uchdan bir qismini tashkil etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Statitstika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, respublikada faoliyat yuritayotgan Xitoy kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5044 ta. Bu diyorimizdagi barcha xorijiy korxonalarning 27 foizidan ko‘prog‘i. XXR biznesi ishtiroki ayrim sohalarga keskin ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida joylashgan BYD avtomobil zavodi mahalliy aholi bandligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ikki davlat munosabatlarida iqtisodiy hamkorlik hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidenti yil davomida uch bor Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyalarni qabul qildi.
Bu borada, deyarli, har bir yuqori darajadagi uchrashuv doirasida ikki tomon ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumlar tashkil etilayotganini ta’kidlash joiz. Ayni formatlar iqtisodiy aloqalar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlamoqda. Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat ishbilarmon hamjamiyatlari o‘rtasidagi sheriklik davlatlararo munosabatlarning barqaror me’yoriga aylanib, nafaqat iqtisodiy aloqalarni harakatlantiruvchi asosiy kuchi bo‘lib xizmat qilyapti, balki Xitoy investitsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga kirib kelishini jadallashtirib, Chin kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ortishiga olib kelyapti.
O‘tgan yil mobaynida turli darajada uch yirik biznes-forum o‘tkazildi. Xususan, yanvar oyida Toshkent shahrida XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda biznes-forum tashkil etildi. Anjumanda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek ikki mamlakatning 400 nafardan ziyod ishbilarmon doira vakili ishtirok etdi.
Bahorda esa Urumchi shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripov hamda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuy ishtirokida biznes-forum uyushtirildi. O‘shanda mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida 250 dan ziyod yirik tadbirkor bor edi.
1-2 iyun kunlari Samarqandda Ikkinchi O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu yirik anjumanda davlat idoralari, korxonalar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalaridan 2800 ga yaqin delegat qatnashdi.
Mazkur tadbirlar ikki tomonlama ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli shartnomalar va kelishuvlar imzolash uchun samarali platforma vazifasini o‘tamoqda. Ayni payt, bu formatlar tadbirkorlarimizga Xitoy biznes hamjamiyati o‘rtasida O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va milliy mahsulotlarimizni keng targ‘ib etish imkonini bermoqda.
Bunday forumlar Xitoy investorlarining respublika hududlarida joylashgan erkin iqtisodiy zonalarga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda Sirdaryo viloyati ilg‘or xitoy innovatsiyalari markaziga aylandi: hududda tashkil etilib, soddalashtirilgan bojxona rejimiga ega erkin iqtisodiy zonalar maqomini olgan innovatsion texnoparklar Xitoy modeli asosida shakllantirilmoqda. Mazkur loyihalarni moliyalashtirish maqsadida XXR “Ipak yo‘li jamg‘armasi” va boshqa moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda 1 milliard dollarlik investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi.
Mutaxassislar fikricha, 2024 yil va 2025 yilning birinchi yarmida Xitoy kompaniyalari faolligi sezilarli darajada kuchayib, asosan neft-kimyo sanoati, gaz infratuzilmasini rivojlantirish va elektr energetikasi sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirildi. Eng yirik tashabbuslardan biri sifatida Buxoro viloyatida olefin ishlab chiqarishga mo‘ljallangan gaz-kimyo majmuasi qurilishini aytish mumkin. Qiymati 3,3 millliard dollarga teng ushbu tashabbus “Sinopec” korporatsiyasi va “Saneg” kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur ob’ekt mintaqaviy polimer mahsulotlari bozori tuzilmasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilyapti.
Xitoylik investorlar yangi yo‘nalishlarda ham faollik ko‘rsatmoqda. Masalan, mamlakatimiz qayta ishlash sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiya ham salmoqli bo‘lib, 3,3 milliard dollarga baholanmoqda. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi sohasidagi sheriklik ham jadal sur’at olgan. So‘nggi yillarda aynan shu sohaga ko‘p sarmoya yo‘naltirilyapti: hozirgacha kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ 400 million dollardan oshdi. Xususan, o‘tgan yili tomonlar qiymati 200 million dollarlik urug‘chilik innovatsion majmuasini tashkil etishga kelishib oldi.
Umuman mazkur mablag‘lar asosan urug‘chilik markazlari, paxtachilik klasterlari, suv tejovchi texnologiyalar va paxta terish mashinalari ishlab chiqaradigan korxonalar barpo etish loyihalarini o‘z ichiga oladi. Maqsad – O‘zbekiston – Xitoy agrar hamkorligi ilmiy tadqiqot, innovatsiyani yaratish va joriy etish orqali soha barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish, har ikki mamlakat global raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shish.
Xitoy dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari iste’molchilaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yil yanvar-oktyabr oylarida Chin qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi hajmi 172,73 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda har yili 25 million tonnadan ortiq yuqori sifatli meva-sabzavot yetishtiriladi. Meva-sabzavot hamda oziq-ovqat mahsulotlari eksporti yillik 2,5 milliard dollarga teng. Hozircha respublikamizdan bor-yo‘g‘i 30 ga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotini Xitoyga eksport qilish uchun ruxsat olingan. Ayni payt ko‘plab boshqa turdagi mahsulotlarimizni Chin bozoriga yuborish huquqini beradigan hujjat rasmiylashtirilmoqda. Afsuski, nisbatan uzoq vaqt talab etayotgan bu jarayon juda qiyin kechmoqda.
Mazkur vaziyatni tezlashtirish uchun jarayonni avtomatlashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirilmoqda. Jumladan, savdoni yengillashtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti o‘tgan yilgi ikki tomonlama uchrashuvlarda Toshkent shahrida Xitoy bilan hamkorlikda “mintaqaviy sanoat standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazi” tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu markaz eksport mahsulotlarini Xitoy talabi asosida sertifikatlash va reglamentlarni yaqinlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bu tashabbus o‘zaro savdoni nafaqat tezlashtiradi va yengillashtiradi, balki muvozanatlashtirishga ham xizmat qilib, har ikki davlat manfaatiga javob beradi.
Gumanitar va madaniy sohadadagi eng muhim yutuqlardan biri 2025 yil 1 iyundan o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganidir. Bu chora turizm, ta’lim, madaniyat va ishbilarmonlik almashinuvini faollashtiradi.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra o‘tgan yil mamlakatimizga 270 mingdan ortiq xitoylik sayyoh kelgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi mavsumga nisbatan bir necha barobar yuqori. Mamlakatimizda Xitoy ta’lim muassasalari vakolatxonalari va filiallari tashkil etilishi akademik aloqani mustahkamlab, talaba va mutaxassislar mobilligini kengaytiradi. 2025 yil maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalarimizda xitoy tilini chuqur o‘rganish dasturi joriy etildi. Loyihani amalga oshirish uchun yuzga yaqin xitoylik mutaxassis va volontyor jalb etildi. Bu jarayonni nafaqat muloqot, balki madaniy aloqa va o‘zaro ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida baholash mumkin. Ushbu omillar uzoq muddatli istiqbolda jamiyatlararo barqaror aloqalarni shakllantirish, o‘zaro madaniyatlarni anglashga xizmat qiladi.
Tahlillar o‘zaro sheriklikda e’tibor kuchaytirilishi lozim bo‘lgan qator yo‘nalishlar mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, qo‘shma tashabbuslar diversifikatsiyasi yetarli darajada emas: innovatsiya va ta’lim sohalaridagi integratsiya qisman amalga oshirilgan, gumanitar va madaniy almashuv salohiyati esa hududiy darajada to‘liq ishga solinmagan. Bu holatlar ko‘p komponentli sheriklik modeliga o‘tish jarayonida o‘zaro manfaatlar muvozanatini ta’minlash bilan bog‘liq muayyan xatarlarni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga 10 milliard dollardan ortiq savdo taqchilligi ikki tomonlama munosabatda saqlanib qolayotgan asimmetriyani aks ettiruvchi siyosiy ahamiyatga ega omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayni payt ushbu masala faol muhokama qilinib, muammoni bartaraf etish chorasi ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash joiz, ikki tomonlama munosabatning kelgusi istiqboli o‘zaro hamkorlik muvozanatini bosqichma-bosqich tiklash, O‘zbekistonning innovatsion va yuqori texnologiyali loyihalardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek gumanitar va ta’limiy almashinuvini faollashtirish bilan bog‘liq. Transport va logistika yo‘laklarini mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni xalqaro bozorlarga integratsiya qilish hamda siyosiy ishonchni yanada kuchaytirish sheriklikni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar, xavfsizlik hamda mintaqaviy kooperatsiyani qamrab olgan to‘laqonli strategik modelga aylantirishi mumkin.
Mutaxassislar baholashicha, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi Xitoyning rivojlanish rejalari bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashmoqda. Kelgusida ikki mamlakat nafaqat doimiy ravishda o‘zaro tajriba almashadi, balki qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning sinovdan o‘tgan modelini keng tatbiq etish orqali Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Shu asnoda XXRda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni muntazam kuzatish va ilmiy tahlil qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Xitoy iqtisodiyotning yangicha rivojlanishi, ya’ni texnologik o‘sishga asoslangan modelga o‘tish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda. Joriy yil Butunxitoy xalq vakillari qurultoyining mart oyidagi sessiyasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid yangi besh yillik reja qabul qilinishi kutilyapti. Ekspertlar ta’kidlashicha, 15-chi besh yillik reja doirasida ichki iste’mol talabini rag‘batlantirish, texnologik mustaqillikka erishish hamda inson kapitaliga investitsiyani kengaytirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanadi. Shu bilan birga shahar va qishloqlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish muammosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi murakkab xalqaro vaziyatda, taraqqiyot oldida yuzaga kelayotgan turli tashqi va ichki chaqiriqlar sharoitida xitoylik olimlar inson kapitaliga investitsiyani oshirish orqali odamlarga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tish zarurligini ta’kidlamoqda.
Mazkur yo‘nalishlar bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishi uchun ham juda dolzarb hisoblanadi. Bu boradagi hamkorlik, doimiy tajriba almashish mamlakatlarimiz munosabatlarini yanada mustahkamlash va yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Umuman, 2025 yil O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari barqaror rivojlanish, jadal o‘sish tendensiyasini yana bir bor tasdiqladi. Keyingi bosqichdagi rivojlanish istiqboli qo‘shma loyihalarni diversifikatsiya qilish, texnologiyalar, ayniqsa raqamli sohada hamkorlikni chuqurlashtirish va gumanitar almashinuvni kengaytirish bilan bog‘liq. Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi davlatlarimiz munosabatini uzoq muddatli taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlikka yo‘naltirilgan strategik sheriklik darajasiga chiqarishi shubhasiz.
Abbos Boboxonov,
JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro
tadqiqotlar instituti markaz rahbari,
Mohinur Hasanova,
JIDU talabasi, Istiqbolli xalqaro
tadqiqotlar instituti volontyori