O‘zbekiston va Xitoy munosabati tarixan chuqur ildizga ega. Har ikki mamlakat Buyuk ipak yo‘lida joylashgan, asrlar davomida savdo va madaniy almashinuvni davom ettirib kelgan. Hozir davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan: 2016 yil imzolangan “Strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnoma siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
So‘nggi yillarda ayniqsa iqtisodiy aloqalar faol rivojlanmoqda. XXR O‘zbekistonga yirik investitsiya kiritishga tayyor. O‘zbekiston esa Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan.
Madaniy sohada ham keng ko‘lamli sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy va O‘zbekiston muntazam ravishda madaniy almashinuv, ta’lim, turizm singari muhim sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirmoqda.
O‘zaro munosabat rivojlanishi ikki mamlakat uchun ham foydali bo‘lib, mintaqaviy barqarorlikka, taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida temir yo‘l qurishga kelishgan edi. Yaqindagina, aniqrog‘i 6 iyun kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Xitoy hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Markaziy Osiyo hududida transport va savdo aloqalarini keskin yaxshilashga xizmat qiladigan mazkur global loyiha asosida Xitoy g‘arbidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga boradigan yangi temir yo‘l barpo etiladi. Bu jarayonda mintaqamiz iqtisodiy taraqqiyoti sezilarli darajada tezlashadi. Ko‘p tomonlama savdo hajmi oshadi, investitsiya kirib kelishi jadallashadi, transport va logistika tizimi takomillashadi. Pirovardida mintaqaviy hamkorlik va integratsiya mustahkamlanadi. Eng muhimi, ushbu g‘oya Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy bozoriga yanada yaqinlashtiradi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li ishga tushgach, Xitoy bilan tovar ayirboshlash sezilarli darajada osonlashadi. Ushbu qudratli davlatning arzon, sifatli tovarlari Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bozoriga kirib keladi. Natijada iste’molchilar uchun narx keskin pasayadi, tanlov esa kengayadi. Serquyosh mintaqamiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa tovarlari Xitoy bozoriga yengil eksport qilinadi.
Ushbu loyiha doirasida Markaziy Osiyoga Xitoy investitsiyasi kirib kelishi sezilarli darajada ortishi, yirik kompaniyalar mintaqa davlatlarida ko‘plab yangi korxonalar ochishi, mavjud korxonalar modernizatsiya qilinishi, infratuzilma rivojlanishi kutilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy o‘sish tezlashishiga, aholi turmush darajasi oshishiga olib keladi.
Mirhabib Sayfullayev, O‘zA