Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Xitoy: GESlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro kelishuv imzolandi
17:23 / 2026-02-05

Energetika tizimini modernizatsiya qilish, ayniqsa, gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirish mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va ekologik toza energiya manbalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mavjud gidroelektr stansiyalarni yangilash, ularning samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yirik loyihalar izchil amalga oshirilyapti. Bu jarayonda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba va investitsiyalarni jalb etish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.

Ana shunday ishlar doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJda gidroenergetika sohasida muhim qadam sifatida GESlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoyning “Sinohydro Co., Ltd.” Kompaniyasi o‘rtasida strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnomalar imzolandi.

O‘tkazilgan ochiq va shaffof tender jarayonlari yakunlariga ko‘ra, belgilangan barcha texnik hamda sifat mezonlariga to‘liq javob bergan, sohada boy tajribaga ega bo‘lgan Xitoyning “Sinohydro Co., Ltd.”  Kompaniyasi tender g‘olibi sifatida e’tirof etildi.

Ushbu kelishuvga asosan Andijon viloyatidagi Shahrixon GESlar kaskadi - GES-5A va GES-6Ani modernizatsiya qilish loyihasi EPC shartlari  asosida amalga oshiriladi. Loyiha tayyor holda topshirish tamoyili asosida tatbiq etiladi. Ya’ni, loyiha doirasida loyihalashtirish ishlari, qurilish, texnologik uskunalar va jihozlarni yetkazib berish hamda ob’ektlarni ishga tushirish ishlari to‘liq amalga oshiriladi.

Jamiyat axborot xizmati bosh mutaxassisi Hulkar Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar GESlar ishlab chiqarish quvvatini va umumiy samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, texnologiya va boshqaruv tizimlarini zamonaviylashtirish hamda energetika ob’ektlarining barqarorligini ta’minlash imkonini yaratadi.

–Jumladan, ushbu gidroelektr stansiyalar modernizatsiya qilinishi natijasida amaldagi umumiy 7,6 MVt quvvat 16,4 MVtga yetkazilib, qo‘shimcha 7,8 MVt quvvat yaratiladi va yiliga qo‘shimcha 33 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga erishiladi. Natijada yiliga 13 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanib, 11 million metr kub tabiiy gaz va 27,5 ming tonnadan ortiq ko‘mir tejaladi. Mazkur loyiha ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekiston gidroenergetika tizimida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy xalqaro standartlarni tatbiq etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, GESlarni modernizatsiya qilish orqali mintaqaviy energetika xavfsizligini mustahkamlash, ekologik toza energiya ishlab chiqarish va barqaror energiya ta’minotini ta’minlash imkoniyatlari kengayadi, –deya ta’kidladi H. Jo‘rayeva.

N.Ziyodullayeva, O‘zA