Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markazida 29 iyun kuni “O‘zbekiston – Xitoy: do‘stona hamkorlikning 30 yili” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan anjumanda Xitoyning Pekin, Shanxay va Siandagi Markaziy Osiyoni o‘rganishga ixtisoslashgan nufuzli tahliliy markazlari mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Farhod Arziyev va XXRning yurtimizdagi elchisi Szyan Yan ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi. Yuqori darajadagi tadbir Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi tomonidan Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilgani alohida qayd etildi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, anjuman doirasida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning bugungi rivoji, tahdid va xavflarga birgalikda qarshi kurashish, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning muhim tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sherigi hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ko‘p qirrali strategik hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratildi.
[gallery-7791]
Tadbir ishtirokchilari Prezidentimiz tashabbusi bilan iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish, iqtisodiy pragmatizmga asoslangan faol va ochiq tashqi siyosat yuritish bo‘yicha islohotlar dasturi O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilganini ta’kidladi.
O‘tgan besh yilda Xitoy bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar aloqa sezilarli darajada kengaydi, SHHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlik faol rivojlanyapti.
Markaziy Osiyoni Xitoy va Yevropa bilan bog‘lay oladigan yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini yaxshilash, “Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa” yangi transport yo‘lagini yaratish va Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo iqtisodiy yo‘lagini rivojlantirish uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ekspertlar O‘zbekistonning SHHTga raisligini yuqori baholadi. Tuzilmaning Samarqandda bo‘lajak sammiti qarorlari ko‘p tomonlama amaliy hamkorlik mexanizmini faollashtirish imkonini berishiga va Shanxay tashkilotining xalqaro nufuzini mustahkamlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Anjuman yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
B.Xudoyberdiyev, O.G‘ulomov (surat), O‘zA