Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik bog‘i: tabiat va bag‘rikenglik ramzi
16:41 / 2025-11-12

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni oldidan Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida Ekologiya vazirligi va O‘rmon agentligi hamkorligida “Galofit bog‘larini ilmiy asosda tashkil etish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi loyiha – “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i” taqdim etildi.

Seminarda Ekologiya vazirligi va O‘rmon agentligi mas’ullari, Shinjon ekologiya va geografiya instituti professorlari, “Green University” olimlari, “Yashil loyiha” loyihalash instituti, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Arnasoy tumani hokimligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ma’lumki, 2025 yil 13 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida Galofit o‘simliklari botanika bog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatning turli hududlarida suvsizlik va sho‘rlanish sharoitiga chidamli galofit o‘simliklaridan iborat botanika bog‘lari tashkil etilmoqda. Bu tashabbus iqlim o‘zgarishiga moslashish, tuproq unumdorligini saqlash va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim ekologik qadam hisoblanadi.

[gallery-26203]

Shu yo‘nalishda Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda 35 turdagi, 1,3 tonna galofit urug‘lari O‘zbekistonga olib kelinib, mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Seminar avvalida “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni ochgan Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov shunday dedi:

– Mamlakatimizda o‘tayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida bugun Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida ishga tushirilayotgan “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i” ham respublikamizda yashillik darajasini oshirib,  ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi. Tuman iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan keyin ham xitoylik hamkorlar bilan birgalikdagi bu boradagi ishlarimiz izchil davom ettirilishiga ishonchim komil.

Tadbir ishtirokchilari galofit o‘simligining suvsizlik va sho‘rlanish sharoitidagi ahamiyati, uni yetishtirishning ilmiy asoslari hamda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish usullari bilan tanishdilar. Shu bilan birga, bog‘larda amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazilib, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida tavsiyalar berildi.

Loyiha doirasida mahalliy aholining, xususan ehtiyojmand oilalarning mehnatga jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va daromad manbalarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Arnasoydagi “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i” nafaqat yangi ekologik muhit, balki xalqlar do‘stligi va bag‘rikenglikning ramziga aylanmoqda. Tabiatni asrash, insoniyatni birlashtirish va xalqaro hamjihatlik g‘oyasini mujassam etgan bu loyiha yurtboshimiz belgilagan “yashil iqtisodiyot” va “barqaror rivojlanish” tamoyillariga to‘la mos keladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari