Bugungi kunda elektronika va bosma platalar sanoati jahondagi tez rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish istiqbollari aholi uchun yuqori sifatli mahsulotlar, sanoat infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro standartlarga mos keladigan mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Shu bois, Xitoyning elektronika sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega.
"O‘zeltexsanoat" uyushmasida Xitoy Xalq Respublikasining elektronika va elektrotexnika sohasida faoliyat yurituvchi bir qator kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shunday imkoniyatlarni tahlil qilishga ahamiyat qaratildi.
Unda tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonda bosma elektron platalar (PCB) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari bo‘yicha “Shenzhen Welldone Circuit” kompaniyasi vakillari bilan batafsil fikr almashildi.
Muzokaralar davomida mamlakatimizda bosma platalar ishlab chiqarish texnologiyalari, xalqaro sifat va xavfsizlik standartlari, muhandislik yechimlari hamda sanoat infratuzilmasining imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, elektronika, sanoat avtomatikasi, avtomobil elektronika va qayta tiklanuvchi energetika tarmoqlarida bosma platalarga bo‘lgan ehtiyoj masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik masalalarini qo‘shimcha o‘rganish, texnik va iqtisodiy jihatlarni tahlil qilish hamda kelgusida mumkin bo‘lgan hamkorlik shakllari yuzasidan muloqotni davom ettiradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA