O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 apreldagi qarori asosida Buxoro viloyati Olot tumanida 2 gektar yer maydonida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan edi. Ushbu hududda yosh tadbirkor tomonidan “Buxoro Gold Star Moto” MCHJ tashkil qilindi.
Istiqbolli loyiha amalga oshirildi. E’tiborli tomoni, davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi bu korxona uchun ham anchayin samarali bo‘ldi.
Olot tumanidagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida umumiy qiymati 15 milliard so‘mlik loyiha ishga tushirilishi hisobidan hozirga qadar 50 nafar aholining bandligi ta’minlandi. E’tiborli tomoni, zamonaviy texnologiyalar asosida 3 g‘ildirakli yuk tashish mototsikllari ishlab chiqarayotgan korxona uchun ham Prezidentimizning Xitoyga tashrifi yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
–Bizning korxonamiz asosan 3 g‘ildirakli yuk tashuvchi mototsikllarni ishlab chiqaradi, –deydi “Buxoro Gold Star Moto” MCHJ ish boshqaruvchisi Furqat Xayriyev. –2023 yilda ish boshlagan bo‘lsak, mana hozir faoliyatimiz rivojlanib ketdi. Chet elga eksport hajmini oshirmoqchimiz. Bu borada chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar olib borayapmiz. Prezidentimizning Xitoyga tashrifi biz uchun ancha samarali bo‘ldi. Hamkorlarimiz bilan oramizdagi munosabatlarimiz ancha yaxshilandi. Ularning bizga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi. Hozir korxonamiz bir oyda 500 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarayapti. Korxonamizda jami 50 nafarga yaqin mahalliy aholi mehnat qilmoqda. 2-bosqichga o‘tadigan bo‘lsak, 100 ga yana yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Yiliga 3 ming dona yuk tashish mototsikli ishlab chiqarayotgan korxonada ishchilar asosan mahalliy yoshlardir. Faoliyatning kengayishi esa yana yangi ish o‘rinlari uchun mustahkam asos vazifasini o‘tamoqda.
–Korxonamizda asosan O‘zbek-Xitoy texnologiyasidan foydalanamiz, -deydi ish boshqaruvchi Furqat Xayriyev. – Bu texnologiyamizni 50 nafar ishchimiz o‘zlashtirib bo‘ldi. Quvontiradigan jihati, oldin mototsiklning barcha qismlarini olib kelib, yig‘ish maqsad qilingan edi. Lekin mototsiklning 70 foiz mahsulotlarini o‘zimiz ishlab chiqarayapmiz.
[gallery-15687]
Kelgusidagi rejalarimiz esa, mototsiklning barcha qismlarini o‘zimizda ishlab chiqarib, eksportni ham yo‘lga qo‘yishdir.
Olot O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegara hududi. Hozir korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo‘shni davlatda talab juda yuqori. Eng muhimi, elektromototsikllarning ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilsa, eksport geografiyasini yanada kengaytirish imkoniyati vujudga keladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari