Ma’lumki, pillachilik sohasida Xitoy o‘ziga xos tajribaga ega davlat hisoblanadi. Ular ham bizning tajribamizni o‘rganishga qiziqish bildirib kelgan. Shu tariqa, davlatlarimiz o‘rtasidagi doimiy hamkorlik pillachilik sohasining rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda.
Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Fujian provinsiyasi, Syamen shahrida Xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ham ipakchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur to‘rt kunlik tadbir sanoat kooperatsiyasi, yashil energetika, raqamli iqtisod, turizm, transport-logistika va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda investitsiya hamkorligini kengaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbariyati Xitoyning yirik sanoat guruhi — "CATHAYA GROUP" vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralarda ipakchilik sohasida hamkorlik, investitsiya jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda hamkorlikda 30 million dollarlik ipak mato ishlab chiqarish korxonasi qurish rejasi bo‘yicha o‘zaro takliflar bildirildi. Yangi korxona ishga tushgach 300 ta ish o‘rni yaratiladi, yiliga 500 ming metr ipak mato ishlab chiqariladi va 80 tonna xom ipak qayta ishlanadi. Bu orqali pilla yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha 2027 yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
[gallery-25209]
Uchrashuv yakunida "CATHAYA GROUP" boshqaruvi raisi Chjan Gotsyan va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbariyati loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "CATHAYA GROUP" 1950 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 10 mingdan ortiq xodimga ega va yillik aylanmasi 1,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA