Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda faol sub’ektga aylanmoqda
11:37 / 2025-09-25

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 20-24 sentyabr kunlari AQSHga bo‘lgan amaliy tashrifi Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatda faqat islohotchi davlat sifatida emas, balki global muammolarga yechim taklif etadigan, tashabbuskor va faol mamlakat sifatida shakllanayotganini yana bir bor isbotladi.

Bu tashrif O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘siga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, mamlakat ichki rivojlanishi uchun ham yangicha imkoniyatlar eshigini ochdi. Global diplomatiyadagi bunday faol ishtirok tashqi siyosatda yangi bosqichning boshlanganidan dalolat beradi.

Jumladan, tashrif doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel kabi yetakchilar bilan ikki tomonlama hamda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva va AQSHning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator salmoqli kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatiga qarata murojaat qilib, dunyodagi xavotirli geosiyosiy vaziyat, xalqaro institutlarning zaiflashishi, qarama-qarshilik va urushlar, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik kabi muammolarga e’tibor qaratdi.

Jumladan, BMT faoliyatini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda isloh qilish zarurligini ta’kidlab, Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va kengaytirish taklifi orqali global adolatni tiklash g‘oyasini ilgari surdi. Bu tashabbus nafaqat rivojlanayotgan davlatlar, balki dunyodagi barcha teng huquqli sub’ektlar uchun umumiy manfaatni ko‘zlagan demokratik yondashuvni anglatadi. O‘zbekiston bu orqali o‘zini global muammolar yechimini taklif qila oladigan davlat sifatida namoyon qilmoqda.

Shuningdek, Prezident o‘z nutqida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtalib, so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizga tushirilgani, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida erishilgan yutuqlar, “yashil” iqtisodiyot va raqamli transformatsiya borasidagi erishilgan ijobiy ko‘rsatkichlarni e’tirof etdi.

Qolaversa, Prezident nutqida Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy jarayonlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi chegaralarning ochilishi, savdo, sarmoya va transport loyihalarining ko‘payishi, qo‘shma jamg‘armalar va sanoat zonalari bularning barchasi mintaqaviy integratsiyani amaliy nuqtaga olib keldi. Bu jarayonda “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi orqali O‘zbekiston mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitini shakllantirishda yetakchi rolni o‘ynamoqda.

Shu bilan birga, Prezident nutqidagi “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Yosh avlod qalbida gumanizm, bag‘rikenglik va do‘stlik g‘oyalarini qaror toptirish barqaror tinchlik asosi sifatida ko‘riladi. BMT shafeligida ushbu tashabbusni amalga oshirish global darajada yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi O‘zbekistonning yangi geosiyosiy imijini namoyon etdi. Yangi O‘zbekiston endi faqat mintaqaviy emas, balki global siyosatda ham o‘z so‘ziga ega davlatga aylanmoqda. Shu bois, O‘zbekiston xalqaro adolat va barqarorlikni ta’minlash uchun tashabbus ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy, ijtimoiy va ta’lim sohasidagi islohotlar samara berayotgani, mamlakatning mintaqaviy yetakchilik salohiyati va integratsiya jarayonlaridagi faol ishtiroki xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy 

masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA