Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berildi. Munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, xususan, xalqaro mehnat, ishlab chiqarish, texnik, ekologik standartlarni keng tatbiq etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Bu boradagi ishlar xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Xalqaro anjumanlarda O‘zbekiston qisqa muddatlarda yuqori natijaga erishgan mamlakat sifatida boshqa davlatlar uchun namuna sifatida ko‘rsatildi.
Jeneva shahrida davom etayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan XMT Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylovlarda O‘zbekiston eng ko‘p ovoz to‘plab, tarixda ilk marotaba kengash a’zoligiga saylandi.
Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning global mehnat siyosatida faol ishtirok etishiga, XMT tomonidan mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita O‘zbekistoning ham faol ishtirok etishiga yangi imkoniyatlar yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA