O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining tuzilmasi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Akademiya rektoriga, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan kelishgan holda, Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab nazariy ta’lim bilan amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida dual ta’lim “4+2” shaklida, ya’ni nazariy qismni 4 kun ta’lim muassasasida, amaliy qismni 2 kun amaliyot o‘tash joyida o‘tkazish, dual ta’limga Akademiyaning tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining bitiruvchi kurs talabalarini jalb etish, amaliyot davrida Akademiya talabalarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlariga kuzatuvchi-amaliyotchi sifatida biriktirish tartibi joriy qilinadi.
Akademiyaning ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish orqali talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalari rivojlantiriladi hamda ta’lim jarayonini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi oshiriladi.
Dinshunoslik va islomshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori bosqich talabalari diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlarda amaliyot o‘taydi va keyinchalik ular ushbu tashkilotlarda ishga joylashtiriladi.
Akademiyada 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
talabalarda nodir qo‘lyozma, toshbosma asarlar va arxiv hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiq saqlash ko‘nikmasini shakllantirish uchun Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi;
talabalarda psixodiagnostik amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish hamda psixologik va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun “Din sotsiopsixologiyasi” o‘quv laboratoriyasi tashkil etiladi.
O‘zA