Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi
14:15 / 2023-07-27

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi.

Bundan avval mazkur yo‘nalishlarga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihon jarayonlari o‘tkazilgan va unda o‘tish balini to‘plagan yigit-qizlar kasbiy (ijodiy) imtihonda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.  

Dastavval akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Imtihon jarayonlarini adolatli va shaffof tarzda o‘tkazish maqsadida maxsus texnik vositalar yordamida onlayn translyatsiya qilindi.    

Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish joylari tashkil etildi.    

Shuningdek, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun alohida xonalar tashkil etilib, ularning imtihon topshirishi uchun sharoit yaratildi.    

Ijodiy imtihonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, abituriyentlarga omad tiladi.  

Akademiya rektori Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, Islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda akademiyaning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi.    

Akademiya rektori o‘z so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas Islom dinini ilmiy nuqtai nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini o‘rganish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.  

Shundan so‘ng ota-onalar uchun akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.  

Uch smenada tashkil etilgan imtihonlarda abituriyentlarning chet tilini bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi. 27 iyul kuni esa abituriyentlar chet tilida gapirish qobiliyati va ijtimoiy fanlar bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etdi.  

Aytish kerakki, imtihon natijalari akademiyaning rasmiy sayti hamda telegram kanali orqali e’lon qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.  

N.Usmonova, O‘zA