Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingidan o‘rin egalladi
20:10 / 2021-04-22

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xalqaro Times Nigher Education (THE) reyting agentligining 2021 yil uchun e’lon qilingan «Impact Rankings» reyting sohasi bo‘yicha birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Tabiiy savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh, bu xabar nimani anglatadi?

Ma’lumki, Times Nigher Education (THE) reyting agentligining «Impact Rankings» reytingi oliy ta’lim muassasalari tomonidan Birlashgan Millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) (Sustainable Development Goals (SDGs))ni amalga oshirishda qanchalik muvaffaqiyatga erishganligiga baho beradi.

Mazkur reytingda 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 11 tasi bevosita oliy ta’lim muassasalari tomonidan tanlab olinadi. Ya’ni, amalga oshirilgan ishlar, ilmiy maqolalar, izlanishlar, nashrlar va erishilgan yutuqlar haqida ma’lumotlar reyting agentligiga taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot va faktlar reyting agentligi tomonidan tekshirilib, uning xolisligi o‘rganiladi. Yakunda ta’lim muassasasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qo‘shgan hissasi bo‘yicha reytingi e’lon qilinadi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida amalga oshirilgan ishlarning dastlabki samarasi sifatida «Salomatlik va farovonlik», «Ta’lim sifati», «Gender tengligi», «Munosib ish sharoiti va iqtisodiy o‘sish», «Sanoat, innovatsiya va infrastruktura», «Tengsizlikni qisqartirish», «Barqaror shaharlar va hududlar», «Iste’mol va ishlab chiqarishdagi mas’uliyat», «Iqlim o‘zgarishini yaxshilash bo‘yicha ishlar», «Tinchlik, adolat va kuchli muassasalar» kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha nufuzli mingta oliy o‘quv yurti qatorida qayd etildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmon asosida yurtimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Farmonga binoan yurtimizdagi bir nechta oliy ta’lim muassasalari xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham xalqaro reyting agentliklari ro‘yxatidan joy olish uchun puxta ishlangan reja asosida ish olib borilayotir. Bunda akademiya rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi asosida barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar tinimsiz mehnat qilmoqda.

Chindan ham jamiyat taraqqiyoti, millat farovonligi hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlarga bog‘liq bo‘lgan. Bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ilm-fan, ma’rifat sohasi vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani quvonarli holdir. Zero, har qanday jamiyatning asosini zamonaviy bilim olgan, keng dunyoqarashga ega yoshlar tashkil etadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi erishgan ushbu yutuq butun jamoaga katta xursandchilik bag‘ishlab, bundan keyingi vazifalarni amalga oshirish uchun kuchli motivatsiya bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati