Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi
14:35 / 2025-08-26

Joriy yil 21-23 avgust kunlari Gretsiyaning Qadimiy Olimpiya shahrida o‘tkazilgan Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasida vakillarimiz ilk bor oltin medalga sazovor bo‘ldi.

EFI – “Economic Fundamentals initiative” (Iqtisodiy asoslar tashabbusi) va “Freedom Broker Uzbekistan” tashabbusi bilan uyushtirilgan mazkur musobaqada O‘zbekiston jamoasi faxriy 1-o‘rinni egalladi.

Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Ma’rufbek Xolmo‘minov oltin medal olib, 127 ishtirokchi orasida umumiy 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. Qarshi Prezident maktabi o‘quvchisi Humoyun Ibrohimov, Toshkent shahri 235-maktab o‘quvchisi Hazratbek Ahmadjonov, Termiz Prezident maktabi o‘quvchisi Hilola Bo‘ymuratova kumush medalga loyiq ko‘rildi. Qarshi shahridagi Prezident maktabining yana bir vakili Marjona Ibrohimova ham ishtiroki uchun rag‘batlantirildi.

Ushbu yutuqlar zamirida juda ko‘p fidoyi ustozlar, xususan jamoa sardori, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti katta o‘qituvchisi doktor Temur Mahkamovning munosib hissasi bor, albatta. Ushbu mutaxassis o‘g‘il-qizlarni saralash, mashg‘ulot tashkil etish, yoshlarimizni ruhlantirib, xalqaro darajada tayyorlash borasida jonbozlik ko‘rsatdi. Shu tariqa mukammal bilim, kuchli mashq orqali jamoamiz tarixiy natijaga erishdi.

– Hududlardagi barcha maktablarda iqtisodiyot faniga e’tibor, Olimpiadaga tayyorgarlik kuchaysa, natijalarimiz yanada yuksaladi, – deydi T.Mahkamov. – Yurtimizda zukko, o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan bolalar juda ko‘p. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, qo‘llab-quvvatlasak, yurtimizdan xalqaro miqyosdagi olimlar yetishib chiqishi shubhasiz. Biz esa, o‘z navbatida, zarur o‘quv qo‘llanmalarini taqdim etishga tayyormiz.

Darvoqe, ushbu olimpiadada hamyurtlarimiz o‘tgan yil 1 kumush va 1 bronza medal bilan cheklangan edi, bu yil esa 1 oltin va 3 kumush – o‘sish yaqqol ko‘zga tashlangan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA