O‘zbekiston Xalqaro ipak tarmog‘iga qo‘shildi
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida Xitoyning Xalqaro iqtisodiy va texnologik hamkorlik markazi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda ipakchilik sanoatini rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mamlakatimiz Xalqaro ipak tarmog‘iga a’zo bo‘ldi.

Muloqotda qayd etilganidek, endilikda a’zolik mamlakatimiz pillachilik tarmog‘iga qator imkoniyatlarni yaratadi. Jumladan, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy loyihalarni joriy etish, jahon bozoriga chiqish, xalqaro yarmarka va investitsiya forumlarida ishtirok etish, o‘zbek ipakchilik madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda global axborot va tahliliy resurslardan foydalanish kabi imkoniyatlarni beradi.

Shuningdek, ushbu qadam O‘zbekistonning ipakchilik sohasida xalqaro nufuzini oshirish va tarmoqni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA