Vatanimiz tarixidagi 30 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1184 yil (bundan 891 yil oldin) – hijriy 580 yil safar oyining o‘n oltinchisida chorshanba kuni quyosh botish chog‘ida moturidiya maktabining atoqli vakili Ahmad ibn Mahmud Sobuniy hayotdan ko‘z yumdi. U Buxorodagi “Al-Quzotus-sab’a” (“Yetti qozi”) maqbarasida dafn etilgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Nuruddin Sobuniy o‘z asarlari bilan katta shuhrat qozongan, fiqh ilmi (musulmon huquqshunosligi) va moturidiya kalom maktabining homiysi sifatida e’tirof etilgan.
Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr bo‘lib, manbalarda “al-Imomul-ajall” (buyuk imom), “Nurud-din” (din ziyosi), “Nosirul-haq” (haq yordamchisi) va as-Sobuniy laqablari bilan shuhrat qozongan. Tadqiqotchilarning fikricha, uning Sobuniy deb atalishiga sovunsozlik yoki sovun sotish kasbi bilan shug‘ullanishi sabab bo‘lgan. Nuruddin Sobuniy Abu Mansur Moturidiy ta’limoti asosida bir necha ilmiy asarlar yaratgan. Uning kitoblari ushbu ta’limotni yoyish, uning murakkab tomonlarini sharhlash, muxoliflar qarashlari va savollariga ilmiy javoblar berishga bag‘ishlangan.
1869 yil (bundan 156 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi Zarafshon okrugi boshlig‘i general-mayor Abramov Turkiston general-gubernatori Kaufmanga yettinchi asrga oid Usmon Qur’onini Samarqanddagi Xo‘ja Ahror masjididan olganligi to‘g‘risida xabar berdi. U Kaufmanga bu noyob qo‘lyozmani qanday qilib qo‘lga kiritganini ham batafsil bayon etgan. Uning yozishicha, Samarqand bosib olinganda ruhoniylar bu noyob qo‘lyozmani Buxoroga olib ketish maqsadida yashirishgan.
Bu holat haqida general Abramovga uning ayg‘oqchilari xabar qilishgan. “Bu ajoyib va fan uchun ehtimol qimmatli qadimgi qo‘lyozma qo‘ldan chiqib ketmasligi to‘g‘risida tashvishlanib, Samarqand uyezdi boshlig‘i podpolkovnik Serovga qo‘lyozmani qo‘lga olish yo‘llarini qidirib topishni buyurdim”, deydi Abramov Kaufmanga yozgan ma’lumotida. Oxir-oqibat, bu muqaddas kitob Samarqanddan Peterburgga olib ketildi. Uning yurtimizga qaytarib olib kelinishi uchun ancha vaqt kerak bo‘ldi.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir tavallud topdi (vafoti 1978 yil). Uning she’r va dostonlariga xos xususiyat shundaki, u oddiy kishilar hayoti va mehnatida “she’riyatbop” jihatlarni, ular ruhiy olamidagi go‘zallik jilvalarini o‘ziga xos noziklik va zakiylik bilan ko‘radi va aks ettiradi. U, vafotidan so‘ng, 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati Noil Abubakirov tavallud topdi (vafoti 1998 yil). Uning rahbarligida yurak glikozidlari – strofantin va uzargenlar sintez qilindi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat sirkiga Tashkentboy Igamberdiyev nomini berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan o‘zbek adabiyotini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi hamda jamoat turmushida faol ishtirok etganligi uchun yozuvchi Hamid Ubaydullayevich G‘ulomov (Hamid G‘ulom) O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Kipr Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
2013 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon» bolalar raqamli telekanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Sarmishsoy», «Shahrisabz», «Termiz» va «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirng‘iga binoan, bir kator xorijiy davlatlar va xalkaro tashkilotlar, shu katorda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va YUNISEF ko‘magida mamlakatimizning 156 fuqarosini, asosan, Suriyadagi lagerlarda, qurolli to‘qnashuv zonalarida bo‘lgan ayollar va bolalarni o‘z vataniga kaytarish maksadida “Mexr-1” gumanitar aksiyasi o‘tkazildi. Qaytib kslgandan keyin 142 kishiga, shu jumladan, 47 ayol va 95 bolaga ijtimoiy nafaqalar berildi. Uch bola “Mexribonlik uyi”ga, yana uch nafari “Kichkintoy” bolalar uylariga joylashtirildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA