O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zosi, Rossiya Badiiy Akademiyasining faxriy akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzayev bilan suhbat.
Alisher Mirzo 1948 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Benkov nomidagi Rassomlik bilim yurtini, keyinchalik Surikov nomidagi Moskva Davlat badiiy institutini tamomlagan. Alisher Mirzoning asarlarida ijodkorning ko‘rgan-kechirganlari, bolalik hayoti, Moskvaga borib o‘qishi, rus san’at va madaniyatining sir-asrorlarini asta-sekin o‘zlashtirib borishi, hayot sinov va qiyinchiliklarini yengib o‘tib, barkamol ijodkorga aylanishini ko‘rish mumkin. Alisher Mirzoning haqiqiy san’at asarlari haqidagi fikrlari kishini mushohadaga chorlaydi: “Hayratlanish – insonning eng ulug‘ ne’matlaridan. Inson tasavvuri shu qadar bepoyonki, uning yordamida istagancha ertaksimon xayollar suratini yaratish mumkin”
–Suratlaringiz ichida “Ikki doira” asari menga juda yoqadi. Shu asarning yaratilishi haqida gapirib bersangiz.
– Asarni Respublika davlat san’at muzeyi xarid qilib olgan. Hali yosh yigit edim o‘shanda. Ammo keyingi 35 yil ichida birorta asarim sotib olinmadi. O‘zim bir kun ham ijoddan to‘xtagan emasman. “Ikki doira”ning mazmuni quyidagicha: men unda ikki sevishganning muhabbatini shoirona tasvirlaganman. Musiqa sadolari ularni birlashtiryapti. Bir ko‘rgazmada belgiyalik ayol shu asarni xarid qilib olgan. Boshqa asarlarim ham chet ellarning zallarini bezab turibdi. Jumladan, Amerika elchixonasida ham asarlarim bor.

Demoqchi bo‘lganim, o‘zimizning boyligimiz chetga chiqib ketmasligi kerak. Boyligimizni saqlab qolmasak, keyin chapak chalib o‘tirish befoyda. Mana, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning asarlarini qidirib yuribmiz. Ko‘ksimizga uramiz, biz Kamoliddin Behzod avlodimiz, bizdan shunday buyuklar chiqqan, deb. Aslida esa ularning hamma asari xorijga chiqib ketgan. Tasviriy san’atni yoshlar qalbiga chuqur singdirish kerak. Avvallari Badiiy fond qoshida ko‘chma ko‘rgazmalar bo‘lar edi. Jihozlangan mashinada asarlar viloyatlarga olib borilib, ko‘rgazmalar qilinardi, yoshlar ko‘rar edi. Bu ham badiiy tarbiya edi. Hozir direksiyaning nomi bor. U Toshkentning bir-ikkita zalida ko‘rgazma qiladi. Lekin viloyatlarda ko‘rgazma tashkil qilinganini eshitmadim. Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasiga, muzeylarga, fondlarga asarni to‘plash, sotib olish ancha susaygan. Har bir rassomning o‘ziga xos davrlari bo‘ladi. O‘sish jarayoni bo‘ladi. Ijodkor odamning dunyoqarashi, tafakkuri ham yil sayin o‘zgaradi. San’atshunoslarning ovozi ham ancha pasayib ketdi, muhokamalar juda kam bo‘lyapti. Yaqinda Badiiy akademiya ko‘rgazmalar zalida 100 ta asarim bilan katta ko‘rgazma qildim. Ko‘pchilik tabrikladi. Ammo, tabriklovchilarni bog‘laydigan bir so‘zi borki, gohida xafa bo‘lib ketasan: chiroyli o‘tdi, yaxshi chiqishlar bo‘ldi, tabriklayman, tamom. Shu gaplar bilan kifoyalanadi. Ko‘rgazmaga borib nimani ko‘rding? Senga qanday ta’sir qildi?
Ko‘rgazmadan qaytib kelganimdan so‘ng, asarlarimni yoyib, o‘zim o‘z asarlarimga baho berib, xafa bo‘lib o‘tirdim. Har bir asar oldida to‘xtab, asarning mohiyati, uning plastik yechimi, ramzlar, ranglar mutanosibligi xususida o‘yladim. Ishonmaysiz, o‘zim yaratgan asarlarning mohiyatini yangidan ochdim. Har bir suratga chuqurroq nazar tashlab, barcha unsurlarini tosh-taroziga joylab o‘yladim, o‘qidim va oxir-oqibat ruhiy qanot hosil qildim.
Rassom ham ijodkor odam. U ham munosabat kutadi. Chin san’atkor iliq gap eshitsa yoki Van Gog kabi muzeyda bitta asarini ko‘rsa, o‘zini baxtli his qiladi. Bilasiz, Van Gog judayam qiyinchilikda hayot kechirgan. Agar ukasi Vio Gog akasining bitta asarini asrab, muzeyga sotmaganida ehtimol, dunyo shunday ulug‘ rassomdan bebahra qolar edi. Bu voqea ham aslida katta saboq.
Endi yana bir voqeani aytib beray. Bundan 35 yil oldin Abdulla Qodiriyning yubileyi arafasida men Qodiriyning uyiga borib, adibning o‘g‘li Habibullo Qodiriy bilan ikki yil davomida Abdulla Qodiriy ijodi bilan bog‘liq turkum asarlar yaratdim. O‘sha paytda adibning uy-muzeyi ochiladi, deyishgan edi. Afsuski, ochilmadi. Abdulla Qodiriyning o‘zi qurgan peshayvonli uy ta’mirlab qo‘yildi, xolos. 40-50 ta asarning hammasini saqlab qo‘ydim. Vaqt keladi, o‘zbekning daho adibi Qodiriyga uy-muzey ochiladi, dedim ichimda. Adashmabman.
Vaqti-soati keldi. Prezidentimizning qarorlari asosida 2019 yil dekabr sanasida ham ikkita uy-muzeyi, ham memorial muzey ochildi. Memorial muzeydagi asarlarning 90 foizi men tishimning kovagida saqlab kelgan asarlarim edi.
– Ba’zilar sun’iy intellekt rivojlansa, rassomlarga ish qolmaydi, deyishadi, Sizning fikringiz qanday?
– E’tibor bergan bo‘lsangiz, men boya tabiatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish bu san’at emas, degan gapni aytdim. Bu juda jiddiy gap. Chizilgan har suratni tasviriy san’at asari deb bo‘lmaydi. Sun’iy intellekt ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri borliqni ifoda etishi mumkin. Qanaqadir programmaga solinsa, bo‘rttirib ko‘rsatadi. Lekin u ijodkor qalbida sado berayotgan ohanglarini ikki dunyoda ifodalay olmaydi. Men ustoz Chingiz Axmarov ishlayotganida, qo‘llari titrayotganini ko‘rganman. Titraganda tomirida oqayotgan qonning titrog‘i ham sezilib turardi. Rassomning sezgisini hech kim o‘xshatib berolmaydi. Aynan ko‘chirib berishi mumkin. Ammo, yurak gupillashi va qo‘l qaltirashini hech qanday texnika ifoda etolmaydi. Takror aytaman, aynan ko‘chirib berish mumkindir fotoga o‘xshab. Lekin qalb ko‘rini ifoda etolmaydi. Tasviriy san’atda ijodkorning qalb tug‘yonlari xuddi g‘ijjak ohangidek noyob chizgilar aks etib turishi kerak. Buni anglash uchun esa inson sezgilari tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim, albatta. Tasviriy san’atda ko‘chirish - odamni kalaka qilish. Kalaka bo‘lmaslik uchun inson chin va ko‘chirma asar o‘rtasidagi farqni ham anglamog‘i lozim. Tasviriy san’atni hech qachon suniy intellekt egallab ololmaydi.
– Endi ta’lim haqida gaplashsak. Ayonki, san’at insonni tarbiyalaydi. Sifatli ta’lim – tarbiyadan boshlanadi. Yoshlarni tarbiyasida san’atning o‘rni katta. Qanday qilib yoshlarni tasviriy san’atga jalb qilish va san’at orqali tarbiyalashni kuchaytirish mumkin?
– Tasviriy san’atni anglash uchun avvalombor tabiatni tushunish kerak. Institutni bitirib, rassom bo‘lish ham mumkin, ko‘rgazmalarda qatnashish ham mumkin. Lekin tuyg‘ular rasmlarning qoniga singdirilmasa, u rassom – emas.
Tasviriy san’at yoki musiqani chegaralash bu xurofat belgisidir. Tasviriy san’at negizida shartlilik yotsa, u yashashga, rivojlanishiga xaqli. Miniatyura shartlilik asosida dunyoga kelgan.
Shunday rassomlar borki, bor kuch-qudratini bir umr ijodga bag‘ishlaydi. Ular baxtni ham, g‘amni ham, tushkunlikni ham, hayrat va shodlikni ham ijodda ko‘radilar.
Yoshlarga maktabdagi to‘garaklarda, so‘ng institutda tasviriy san’at tushunchasining mohiyatini anglash, qadimiy davrlardan tortib, XX-XXI asrgacha bo‘lib o‘tgan jarayonni o‘rganish, tasviriy san’atda nimalar yo‘qotildiyu, nimalarga erishilgani, oqimlar qanday paydo bo‘lgani haqida tushunchalar berish kerak. Misol uchun, Pikasso tasviriy san’atning shakliylik mazmunini kubizm orqali qaytarishga harakat qildi, yo‘qolgan shakl mohiyatini qaytardi. XIX asr oxirida rus rassomlari g‘oya uchun kurashishdi. Tasviriy san’at joni va qoni bo‘lgan plastika yo‘qolib qoldi. Plastikani Pikasso boshliq inqilobchilar qaytarib berishga xarakat qilishdi. Biz o‘sha davr mevasidan oziqlanib kelyapmiz. Shular haqida yoshlar bilan suhbat bo‘lishi kerak.
Yoshlarning tarbiyasida san’atning o‘rni katta. Hozir to‘garaklar bor, pullik maktablar bor, Avvalgidan yuz chandon yaxshi imkoniyatlar bor. Mening nazarimda endi hammasi ota-onalarga, muallimlarga bog‘liq.
– Maktab o‘quvchilariga zamondosh rassomlarimizni ko‘proq tanitish uchun nima qilish kerak?
– Birinchidan, o‘qituvchilar o‘z ishining ustasi bo‘lishi kerak. Bizning davrimizda har bir maktabda buyuk rassomlarning rasmlari devorga ilib qo‘yilar edi. Shishkindan boshlab Jalolovgacha maktab devorida tursin. Bolalar har kuni ko‘rsin, fikrlasin.
Men qirq yil Kamoliddin Behzod nomidagi institutda dars berdim. Muntazam ravishda san’atkorlar, me’morlar va yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil qilar edim. Mashhur ilm sohiblarini chaqirar edim. Maqsadim quruq ma’ruzabozlik emas, yoshlarni ijod deya atalmish ohanraboga oshno qilish edi. Orzuimga qancha erishdim yoki erishmadim, buni bilmayman. Ammo, bir narsa ayonki, muallim san’atni tushunsa, sevsa, bilganlarini yoshlar qalbiga singdirsa, mehnati zoye ketmaydi. Bugun Vatanga vatanparvarlar kerak. Vatanparvarlarni ota-onalar, muallimlar tarbiyalaydi.
– Yaponlar bolaga tarbiyani, ahloqni chaqaloqligidan 14 yosh oralig‘ida berib bo‘lar ekan. Undan keyin fuqarolar bir-birini tarbiyalashar ekan. Bunga siz nima deysiz?
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8b2Pnu2G3Sk" title="O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzayev bilan suhbat (2-qism)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Tarbiya bir yil yoki o‘n yillik jarayon emas. Tarbiya butun inson umrini qamrab oladi. Uydagi muhit, ko‘cha, mahalla, ish, jamoa – hammasida tarbiya bor. Lekin, yana bir ta’sir omili mavjud. Masalan, qarindoshlari savdogar yoki tadbirkor bo‘lsa, kishini albatta o‘sha tomonga tortib ketadi. Olim, fizik, vrach bo‘lsa, ilm yo‘lidan boradi. Bolaga o‘qishdan tashqari do‘stlardan xabar olish, ota-ona duosiga sazovor bo‘lish, iltifot ko‘rsatish kabilarni ham o‘rgatish zarur. Dasturxon atrofida ham ota-bobolari haqida, ularning jasorati haqida gapirib berish kerak. Shundagina farzandlarimiz ona yurtni yurakdan sevib ardoqlaydigan, ijodiy kuch-qudratini o‘zi tanlagan sohaga bag‘ishlagan bo‘ladi. Baxtini ham, hayrat va shodligini ham yurtiga, Vataniga bag‘ishlaydigan avlod bo‘lib kamol topadi.
– Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun tashakkkur!
Munira RAMAZONOVA,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
jurnalist va san’atshunos.UzA