Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston — WTTC Global Summit uchun istiqbolli maydon
14:57 / 2026-03-10

Mamlakatimiz turizm sohasini jadal rivojlantirib, yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.

Xususan, World Travel & Tourism Council (WTTC) — turizm va mehmondo‘stlik industriyasining yetakchi kompaniyalarini birlashtiruvchi xalqaro tashkilot bilan hamkorlik doirasida mamlakat turizm sohasida xavfsizlik, xizmat ko‘rsatish sifati hamda raqamlashtirish standartlarini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni muhokama qilmoqda.

Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida WTTC bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda WTTC prezidenti Gloriya Gevara Manzo mamlakatning tashkilot global tashabbuslarida ishtirok etish istiqbollari hamda turizm sohasi standartlarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Xususan, WTTC tahliliy ma’lumotlaridan foydalangan holda turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini aniq baholash, investitsiya imkoniyatlarini ilgari surish, yetakchi xalqaro mehmonxona va restoran tarmoqlarini jalb etish, shuningdek, mamlakatning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning WTTCga a’zo bo‘lishi, shuningdek WTTC bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash (Saudiya Arabistoni, Italiya va Malta tajribasi asosida) bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Ushbu hamkorlik doirasida turizm sohasining chuqur analitik tadqiqotini o‘tkazish, WTTC a’zolari va investorlar bilan B2B/B2C uchrashuvlar tashkil etish, investitsion loyihalar hamda O‘zbekiston turizm brendini WTTC platformalarida taqdim etish, shuningdek barqaror va raqamli turizm masalalarida ekspert ko‘magini olish rejalashtirilgan.

Mazkur omillarni inobatga olgan holda, “WTTC Global Summit” yoki tashkilotning hududiy sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish mantiqiy qadam sifatida qaralmoqda.  

Sammitning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatni barqaror va raqamli turizm platformasi sifatida namoyon etish, xalqaro kompaniyalar va investorlarni jalb qilish hamda O‘zbekistonning jahon turizm xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA