Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Vetnam bilan ipakchilik tarmog‘ida yangi kelishuvlarga erishdi
18:17 / 2023-03-06

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov rahbarligida mamlakatimizdagi ipakchilik tarmog‘i tashkilotlari va ilmiy muassasalari vakillari keng qamrovli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Vetnam davlatida bo‘ldi.

Tashrif davomida 12 ta yirik eksport shartnomasi, 9 ta qo‘shma investitsiya loyihasini tashkil etish va ilmiy tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha 2 ta hujjatni imzolash belgilangan.

Vetnamga tashrifning birinchi kunida Xanoy shahrida bo‘ladigan uchrashuvlar, o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, o‘zbek ipak mahsulotlarini eksport qilish, ilm-fan sohasida bajariladigan ilmiy tadqiqotlar va imzolanadigan hujjatlar muhokama qilindi.

Xususan, delegatsiya a’zolari hamda O‘zbekiston Respublikasining Vetnamdagi Favqulodda va Muxtor elchisi U.Ro‘ziqulov Vetnam qishloq xo‘jaligi va hududlarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Fung Dyuk Tiyen bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Vetnam davlatiga o‘zbek ipak mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, Vetnam tajribasini o‘rgangan holda ipak sanoatida ilm-fan sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, pillachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti hamda Vetnam ipakchilik ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Vetnamning ipakchilik uchun ozuqa bazasini yetishtiruvchi maydonlar, tutchilikda zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish texnologiyalari, ipakni yigirish, ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, ipak sanoatida ilm-fan sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkillashtirish yuzasidan kelishib olindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA