Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Vengriya: suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik
14:27 / 2022-10-27

O‘zbekiston – Vengriya hamkorligini rivojlantirishda suv xo‘jaligi sohasi alohida o‘ringa ega. Shuni e’tiborga olgan holda suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha Vengriya-O‘zbekiston qo‘shma ekspert guruhi shakllantirildi.

Joriy yil 26 oktyabr kuni qo‘shma ekspert guruhining dastlabki yig‘ilishi o‘tkazildi. Onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan tadbirda Vengriya Ichki ishlar vazirligi suv resurslari departamenti direktori Piter Kovach o‘z mamlakatining suv xo‘jaligi tizimi bilan tanishtirdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya – to‘liq Dunay daryosi havzasida joylashgan Yevropadagi yagona davlat bo‘lib, mamlakat hududiga 24 ta katta-kichik daryo kirib keladi, o‘z hududida 3 ta daryo shakllanadi. 

Suv balansi tahlil qilinganida kirib keladigan suvdan ko‘ra, chiqib ketadigan suvning hajmi ko‘proq. Vengriyaning iqlimi mintaqa mamlakatlari bilan solishtirganda qishda sovuq, yozda issiq. Keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishi tufayli qurg‘oqchilik, suv toshqinlari kuzatilib turibdi. Qurg‘oqchilik davri uchun yog‘ingarchilik suvlarini to‘plash va saqlash Suv resurslari departamenti oldidagi eng asosiy masalalardan hisoblanadi. 
 
–Vengriya va O‘zbekistonning suv xo‘jaligida o‘xshash tomonlar bor, deydi P.Kovach. – Masalan, Vengriya suv xo‘jaligi O‘zbekistondagi havza tizimiga o‘xshab 12 ta direktoratga bo‘lingan. Mamlakatning suv strategiyasi qabul qilingan. Sug‘oriladigan maydonlarimiz O‘zbekistonga nisbatan kamroq. Sug‘orishda foydalanilayotgan suv sarfini kamaytirish, suvni samarali boshqarish, irrigatsiya inshootlarini soz holatda saqlash kabi yo‘nalishlarda intilishlarimiz mos keladi. 
 
Shuningdek, yig‘ilishda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Nazarov O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasi haqida taqdimot qildi. Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va strategiyasi doirasida bajarilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida Vengriyada qurg‘oqchilikni boshqarish va sug‘orishdagi muammolar, O‘zbekistonda suv tanqisligi va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar haqida fikr almashildi. Keyingi uch yillik ish dasturi uchun takliflar ilgari surildi. 
 
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Vengriya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Joriy yil 3-4 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishilgan. 


 
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA