French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Vengriya hududlararo biznes forumi tashkil etildi
10:40 / 2025-12-13

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazgan yig‘ilishda vengriyalik hamkorlar bilan birgalikdagi ishlarni kengaytirish topshirilgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosi doirasida Vengriyaning Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya hududlararo biznes forumi tashkil etildi. 

Forumda Vengriya davlat kotibining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, Vengriya eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi bosh direktori K.Bihari, Vengriyaning xalqaro biznes aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha favqulodda elchisi “4iG” Boshqaruv kengashi G.Yasay, “BDPST”, “Mol Group” va boshqa kompaniya rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Forumda O‘zbekistonning Namangan, Surxondaryo, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari hokim o‘rinbosarlari tomonidan hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar qilindi. 

Tadbirda Vengriyaning 20 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari va 10 ta hudud rahbarlari ishtirok etdi. Biznes forum doirasida B2B va B2G formatidagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.

Biznes forumda bir qator muhim yo‘nalishlarda o‘zaro loyihalarni amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Vengriyaning “Mol Group” kompaniyasi va Surxondaryo viloyatining “Surkhon Sandvich” korxonasi  hamkorligida O‘zbekistonda rezina-modifikatsiyalangan bitum ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish muhokama qilindi.

Vengriyaning Zala provinsiyasi  Namangan viloyatida tekstil sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Sekeshfexervar provinsiyasi Buxoro viloyatida turizm sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va Tolna provinsiyasi Surxondaryo viloyatida uzumchilik yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirishga oid hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Logistika yo‘nalishida Yevropadagi kuchli 10 ta kompaniyalardan biri, Vengriyaning “BDPST” kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida logistika, bank, mehmonxona, oziq-ovqat sohasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vengriyaning "Vallis Group" kompaniyasi O‘zbekistonda qurilish, logistika, ta’lim, mehmonxona, ko‘p tarmoqli klinika va sport inventarlarini ishlab chiqarish loyihalariga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

“Nagykun 2000 Agricultural” kompaniyasi Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida 2000 gektar yerda organik guruch yetishtirish, uni qayta ishlash va bolalar ozuqasini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

“4iG” kompaniyasi O‘zbekistonda mobil aloqa va "smart city" loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi. 

“Master Food” kompaniyasi (Vengriyaning parrandachilik sohasidagi TOP-3 korxonasi) Namangan viloyati Uychi tumanida «Uychiparranda» korxonasi bilan hamkorlikda parrandachilik kompleksini rivojlantirish loyihasi yuzasidan kelishib oldi.

“Duna Group” kompaniyasi O‘zbekiston “Avtomagistral” korxonasi bilan qo‘shma korxona tashkil etish, asfalt zavodini barpo etish yoki mavjud zavodni modernizatsiya qilishga oid taklifni bildirdi.

Buxoro viloyati “Amirtex” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlari hamda Namangan viloyati “Mexmash” korxonasining shurup mahsulotlarini Vengriyaga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

N.Abduraimova, O‘zA