Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov O‘zbekistondagi Vengriya elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yanosh Vanikni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida Vengriya elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar hamda keng ko‘lamli islohotlarni olqishlashini va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida hududlar o‘rtasida hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zaro teng manfaatli aloqalarni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Shunga ko‘ra, turli sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, neft-kimyo, turizm, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa jabhalardagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish, bunda Vengriya yetakchi kompaniyalarining ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etgan holda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Uchrashuvda qayd etilgan takliflar asosida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi. Yanosh Vanik Buxoro viloyatining Vengriya bilan manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, investorlarni keng jalb qilishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Zarif Komilov, O‘zA