O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, hosildor baliq zotlarini ko‘paytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyatida ana shu maqsadda “O‘zbekiston – Vengriya naslchilik markazi” tashkil etilmoqda. Mazkur markaz orqali mamlakatga Yevropa standartlariga mos, toza naslli, yuqori hosildor baliqlar olib kirilib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilishi rejalashtirilgan.

Qayd etish kerak, joriy yilning 17 aprel kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Veterinariya qo‘mitasi va Vengriyaning HAKI instituti o‘rtasida muhim kelishuv imzolangan edi. Kelishuvga asosan, Vengriyadan baliqning 16 ta toza naslli karp turi O‘zbekistonga bosqichma-bosqich olib kelinadi. Tanlab olingan genofond asosida mamlakat iqlimiga to‘la moslashuvchan, yuqori samara beruvchi baliq turlari yaratiladi. Hozirda “TCT Fish cluster”, “Professional Business Assessments” hamda HAKI instituti o‘rtasida karp, sudak va Yevropa laqqa baliqlarining lichinka va chavoqlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan bo‘lib, bu kelishuvlar mahalliy fermer xo‘jaliklarini sifatli nasl mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.


HAKI instituti va Vengriya Qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislarining mamlakatimizga tashrifi doirasida “TCT Fish cluster”, “Xorrot Fish House”, “Yangiyer baliq”, “Navro‘z qut baraka” va “Bakra Aqua Tech” kabi xo‘jaliklar faoliyati o‘rganildi, umumiy loyihani ishlab chiqish bo‘yicha muloqotlar o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekistondagi baliqchilik texnologiyalari Vengriya tajribasiga yaqinligi alohida e’tirof etildi. Naclchilik markazi loyihasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mamlakatimizda tashkil etilayotgan markaz faoliyati orqali baliq zotlari yangilanadi, yuqori hosildorlikka erishiladi.

“O‘zbekiston – Vengriya naslchilik markazi” baliqchilik sohasida yangi bosqichni boshlab beradi. Yevropa tajribasi va mahalliy imkoniyatlar uyg‘unlashishi natijasida mamlakatda yuqori sifatli nasl baliqlari yetishtirish keng yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi, eksport salohiyati va fermer xo‘jaliklari daromadining o‘sishiga xizmat qiladi.
Kamola YUSUPOVA, O‘zA