Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - Vengriya: atom energetikasi sohasida innovatsiyalar va ekologik yechimlar bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
11:52 / 2025-04-16

Ayni kunlarda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Vengriyada ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida delegatsiya Vengriyaning atom energetikasi hamda yadro texnologiyalari sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda energetika ob’ektlarida sanoat quruq sovutish tizimlarini ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatishning zamonaviy yondashuvlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi.

Dastlab delegatsiya a’zolari “Paksh” atom elektr stansiyasi hamda “Matra” issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Shundan so‘ng mazkur ob’ektlar rahbariyati va “MVM EGI Zrt.” kompaniyasi vakillari bilan atroflicha muzokaralar o‘tkazildi. Unda energetika uskunalarini samarali ekspluatatsiya qilish, yadroviy va radiatsion xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, ekologik tozalik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion sanoat sovutish texnologiyalari kabi masalalar xususida so‘z bordi.

“O‘zatom” agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, “MVM EGI Zrt.” kompaniyasi sanoat quruq sovutish minoralari texnologiyasini ishlab chiqish va joriy etish sohasida xalqaro darajada tan olingan yetakchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. U dunyo bo‘ylab turli atom elektr stansiyalarida bu texnologiyalarni muvaffaqiyatli tatbiq etish borasida katta tajribaga ega.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mazkur texnologiyalarni o‘rganish mamlakatda suv sarfini minimallashtirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va barqaror rivojlanishga erishish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Bu yondashuv mamlakatimizning suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik xavfsiz va energiya samarador texnologiyalarni joriy etish borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor namoyon etadi.

Shu bilan birga, mazkur tashrif O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadamdir. Negaki, ushbu jarayon atom energetikasi va barqaror rivojlanish sohasidagi yirik loyihalar uchun tajriba va bilim almashish imkoniyatlarini yaratdi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA