French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston vakillari Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etmoqda
11:30 / 2023-05-09

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi ayni damda Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etmoqda.

Forum Buyuk Britaniyaning London shahrida tashkil etilgan bo‘lib, unda butun dunyodan ta’lim vazirliklari delegatsiyalari qatnashmoqda.  

Butunjahon ta’lim forumi ta’lim sohasida mavjud muammolarga ijobiy yechim topish, yuzaga kelgan ta’lim va o‘quv masalalarida fikr almashish, ta’limdagi yangiliklar haqida taqdimotlar o‘tkazish, davlatlar tomonidan ta’limning turli xil yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatlar bilan bo‘lishish uchun xalqaro maydon hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki,  Butunjahon ta’lim forumi an’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladi hamda ta’lim sohasidagi dunyoning eng nufuzli tadbirlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur forum doirasida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova qator uchrashuvlar o‘tkazdi.  

Jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Emin Amrullayev va Shri-Lanka Respublikasi ta’lim vaziri Susil Premajayanta bilan uchrashdi.  

Uchrashuvda Shri-Lanka Respublikasining oliy ta’lim muassasalari informatika hamda STEM ta’limi yo‘nalishida O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga mahalliy o‘qituvchilarga “ustoz-shogird” modeli asosida assistent o‘qituvchi sifatida jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan tashqari Cambridge Partnership for Education tashkilotining tijoriy strategiya bo‘yicha direktori Kenan Barut bilan uchrashuvda bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Jumladan, Prezident maktablari tajribasi asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ta’lim jarayoniga ilmiy asoslangan baholash tizimini joriy qilish, pedagoglarning malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha Cambridge International PDQ  (o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini baholash) mexanizmini tatbiq etish masalalari ko‘rildi.  

Shu bilan birga, maktab  bitiruvchilariga ikkita xorijiy til va kasbga o‘rganishda qo‘yilajak talablarga asosan umumiy o‘rta ta’lim uchun o‘quv dasturini qayta tanqidiy ko‘rib chiqish, 5-11-sinf uchun ishlab chiqilayotgan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlaridagi darsliklarni ekspertiza qilishga ham e’tibor qaratildi.

Times Higher Education tashkiloti Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi rahbari Nik Devis bilan uchrashuvda esa istiqboldagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.  

Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

N.Usmonova, O‘zA