French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston vakili Parlamentlararo Ittifoqning Dubaydagi yig‘ilishida qatnashdi
09:35 / 2022-02-28

2022 yil 26-27 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq Vitse-prezidenti Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qilmoqda.

 Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surgandi. Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, Jahon milliy parlamentlari ayol spikerlarining 14-sammitini joriy yilda O‘zbekistonda Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda o‘tkazish masalasi yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi. Mazkur sammitning O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatda erishgan samaralari, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lidagi shiddatli islohotlar tufayli qo‘lga kiritgan yutuqlarining e’tirofidir.

Milliy parlamentlar ayol spikerlarining 14-sammiti  fikr va tajriba almashish, shuningdek, yetakchi ayollar o‘rtasida aloqa o‘rnatish va hamkorlik qilish uchun qulay muloqot maydoni hisoblanadi. Avvalgi sammit 2021 yil sentyabr oyida Vena shahrida bo‘lib o‘tgan va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilayotgani hisobga olinsa, navbatdagi ayol spikerlar sammitini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tanlangani har tomonlama mantiqiy va asoslidir.

Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida joriy yilda Indoneziyaning Nusa-Dua-Bali shahrida o‘tkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Bo‘lajak anjuman butun dunyoda demokratiyani ta’minlash, parlamentlararo muloqotni ilgari surish nuqtai nazaridan ulkan ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.

Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasida, jumladan, iqlim o‘zgarishlariga nisbatan xalqaro darajadagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish, bunda dunyo mamlakatlari parlamentlarining rolini oshirish istiqbollari muhokama etilishi kutilmoqda. Yig‘ilish ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Parlamentlararo Ittifoq jahon jamoatchiligining iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha xabardorligini yanada oshirish va turli siyosiy partiyalar vakillaridan tashkil topgan parlamentlar a’zolarining ushbu muammoga yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarini rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Ekologiya muammolari sarhad bilmaydi va shuning uchun iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq masalalarni har qaysi davlat o‘z holicha hal etishga intilishi kutilgandek samara bermasligi tabiiy. Shu ma’noda, butun dunyo davlatlari va barcha xalqaro tashkilotlar ishtirokida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish uchun yagona xalqaro koalitsiya tuzish zarurati dolzarb bo‘lib turibdi.

Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi ko‘rib chiqildi. Parlamentlararo Ittifoq bilan BMT o‘rtasidagi tarixiy hamkorlik aloqalari bundan 20 yil oldin yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davrda har ikki nufuzli xalqaro tashkilot o‘z vazifalarini astoydil bajarish, boshqa xalqaro tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, umumiy maqsadlarga yakdillik bilan intilish borasida hamisha hamkor va hamfikr bo‘lib kelmoqda.

Ikkala xalqaro tashkilotning ham maqsad-vazifalari ko‘p jihatdan uyg‘un va hamohangdir. Ularda o‘zaro texnologiya va tajriba almashishning ko‘plab imkoniyatlari mavjud.  Shu nuqtai nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi ikkala xalqaro tashkilot o‘zaro munosabtlarining istiqboldagi muhim yo‘nalishlarini belgilab olishda qo‘l keladi.

Ijroiya qo‘mita yig‘ilishida Parlamentlararo Ittifoqning Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo‘yicha ishchi guruhi hisoboti ham tinglandi. Mazkur Ishchi guruh Parlamentlararo Ittifoqning transparentlik, hisobdorlik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari yuzasidan o‘tkazgan mustaqil tadqiqoti natijasida tuzilgan.

Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari bo‘yicha ishchi guruh hisoboti qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tuzilma va uning hisoboti Parlamentlararo Ittifoqning faoliyati uchun manfaat keltirishi hamda mazkur xalqaro tashkilot o‘z ishida shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlikni mustahkamlashi, bu tamoyillarga yanada qat’iy amal qilishga ko‘maklashishi qayd etildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Parlamentlararo Ittifoqning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Kommunikatsiya strategiyasi loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur Strategiya Parlamentlararo Ittifoqqa joriy besh yil davomida kommunikatsiya sohasidagi faoliyatni tubdan kuchaytirish orqali o‘zining strategik maqsadlariga erishishi uchun yordam beradi.

Ijroiya qo‘mitaning Dubaydagi yig‘ilishida, shuningdek,  Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yaqin kelajakda o‘tkaziladigan asosiy tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zA