Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va YUNESKO: hamkorlikning yangi qirralari
19:24 / 2024-03-21

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov Fransiyaning Parij shahrida YUNESKO bosh direktorining madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ernesto Ottone bilan uchrashdi.

Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, muloqot davomida keyingi yillarda o‘zaro munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilgani, O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqot xalqaro tashkilot bilan bir nechta yangi loyihalar ishga tushirilishiga asos bo‘lgani e’tirof etildi.

Bugungi kunda YUNESKOning O‘zbekistondagi Butunjahon merosi ro‘yxatiga ko‘plab madaniy merosimiz  kiritilgan bo‘lib, madaniy merosimizni asrab-avaylash va targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, “Sharq taronalari”, “Lazgi”, “Maqom”, “Baxshi” kabi yirik madaniy-ma’rifiy festivallar tashkilot tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu yilning 3–8-mart kunlari  YUNESKO delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif davomida 2025-yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi. Shu o‘rinda mazkur nufuzli xalqaro tuzilma 40-yil ichida ilk marta bu kabi yirik tadbirni o‘z qarorgohidan boshqa manzilda o‘tkazmoqda va buning uchun O‘zbekistonning tanlangani ulkan ishonch belgisidir.

N.Usmonova, O‘zA