Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazida “Barqaror rivojlanish va yashil kimyo bo‘yicha birinchi O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro simpoziumi” o‘z ishini boshladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi - JICA, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda ikki davlat o‘rtasida ilm-fan, texnika muammolarini hal etish borasidagi an’anaviy do‘stlik, sheriklik munosabati keyingi yillarda izchillik bilan rivojlanayotgani, O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi tomonidan dunyo ilmiy hamjamiyatiga birikish yo‘lida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlash joiz, ayni payt markazda faoliyat yuritayotgan 33 xodimning 4 nafari fan doktori, 2 nafari fan nomzodi va 1 nafari falsafa doktori ilmiy darajasiga ega.
— Qishloq xo‘jaligi chiqindilari va torf biogaz energetikasi uchun zarur mahsulotga aylanishi mumkin, — deydi Yaponiyaning Kyusyu universiteti professori Koichiro Vatanabe. — Shuningdek, o‘rmonga ziyon yetkazmagan holda har yili 1 milliard tonna yog‘ochdan biologik yonilg‘i olsa bo‘ladi.
Tadbir doirasida “Yashil kimyo”, “Qayta tiklanadigan energiya”, “Fotokatalizator”, “Energiya konvertatsiyasi”, “Ekologik materiallar”, “Yer resurslari muhandisligi” kabi mavzularga ham murojaat qilindi.
Simpoziumda Sukuba universiteti professori Takeaki Sakuray, Keyo universiteti professori Tomoaki Okuda, Kyusyu universiteti professori Yuichi Sugai ham mavzuga oid taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
— Yashil kimyo molekulyar darajada ifloslanishga qarshi kurashuvchi ishlab chiqarish tarmoqlari orasida yangi yo‘nalish bo‘lib, zararli moddalar ishlatilishi yoki hosil bo‘lishini nisbatan kamaytiradi, — deya fikr bildirdi professor Okuda.
Loyihaviy ishlarni boshqarish bo‘yicha JICA mutaxassisi Yukinori Yanagidaning so‘zlariga ko‘ra, yashil kimyo barqaror kimyo sifatida ham tanilgan.
— Muammo shundaki, bugungi kunda keng qo‘llanadigan kimyoviy moddalar bizga qanday ta’sir etishini to‘liq bilmaymiz, — deydi janob Yanagida. — Oxirgi paytda kimyoviy modda ishlab chiqarish jarayonida tarqaladigan toksik moddalarni nazorat qilish borasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishiga qaramay, tabiatga nisbatan doimiy bioakkumulyatsiya hodisasi yuz berib, havoga zaharli kimyoviy moddalar ta’sir o‘tkazayotgani odamzot uchun jiddiy tashvish uyg‘otyapti.
Ulug‘bek Mahmirzayev,
O‘tkir Alimov, O‘zA