Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 18 - 20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va erishilgan natijalar ikki tomonlama strategik hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Bu Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida e’tirof etildi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev boshqarib borgan majlisda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, do‘stlik guruhlari va qo‘mitalar darajasida aloqalarni kengaytirish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Senatorlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida Tokio deklaratsiyasi qabul qilingani mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek “yashil iqtisodiyot”, raqamli transformatsiya va ta’lim sohalarida strategik tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davra suhbati yakunida parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish hamda “O‘zbekiston - Yaponiya” parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA