Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va aholi salomatligini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish bu boradagi ustuvor yo‘nalishlardan biri.
Shu maqsadda, sog‘liqni saqlash vazirligida vazir A.Xudayarov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi K.Xirata o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bu tibbiyot sohasidagi aloqalarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish loyihasi ushbu sohadagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur loyiha 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 5,7 million AQSH dollari qiymatidagi eng zamonaviy yapon tibbiy uskunalarini yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Muhimi, u to‘liq grant yordami orqali amalga oshiriladi.
Loyihaning asosiy maqsadi mamlakatimizda ayollarni ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining dasturlari bilan to‘liq qamrab olishdan iborat.
Mammografiya uskunalari O‘zbekistonning barcha hududlaridagi tuman tibbiyot birlashmalariga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 21 fevralda tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga to‘la muvofiqdir.
Uchrashuv yakunida Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Hamroz Bayanov, O‘zA