English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari
14:07 / 2025-12-18

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘nggi 8 yil davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni tahlil qildi.

2017-2024 yillar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2,3 barobarga oshib, 166,2 mln. dollardan 388,6 mln. dollarga yetdi. Ushbu davrda eksport hajmi 15,1 foizga o‘sib, 14,5 mln. dollardan 16,7 mln. dollarga, import esa 2,5 barobarga oshib, 151,7 mln. dollardan 371,9 mln. dollarga yetdi.

So‘nggi 8 yilda O‘zbekistonning Yaponiyaga yillik eksport hajmi o‘rtacha taxminan 17 mln. dollarni tashkil etgan.

2024 yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2023 yilga nisbatan 64,1 foizga o‘sib, 236,8 mln. dollardan 388,6 mln. dollarga yetdi.  

2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo quyidagi tovar turlari bilan ifodalandi: eksport, jami – 16,7 mln. dollar, jumladan: kimyoviy mahsulotlar – 5,7 mln. dollar (34,1 foiz), sanoat tovarlari – 2,0 mln. dollar (11,8 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari – 0,5 mln. dollar (3,0 foiz), shuningdek xizmatlar – 8,4 mln. dollar (50,4 foiz).

Import, jami – 371,9 mln. dollar, jumladan: mashinalar va transport uskunalari – 337,1 mln. dollar (90,7 foiz), sanoat tovarlari – 17,4 mln. dollar (4,7 foiz), turli tayyor mahsulotlar – 7,2 mln. dollar (1,9 foiz), shuningdek xizmatlar – 4,4 mln. dollar (1,2 foiz) va boshqalar.

2025 yilning 10 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2024 yilning shu davriga nisbatan 326,8 mln. dollarni tashkil etdi.

Yaponiya O‘zbekistonda energetika, kimyo sanoati va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalarida faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston hududida «Mitsubishi», «Marubeni», «Itochu», «Sumitomo» va boshqa yetakchi yapon kompaniyalari ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilgan.

2017-2024 yillar davomida Yaponiyadan O‘zbekistonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi, jumladan JICA liniyasi orqali, 184 mln. AQSH dollarini tashkil etdi (2024 yilda – 19,6 mln. AQSH dollari).

Bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 121 ta kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning 29 tasi qo‘shma korxonalar, 92 tasi esa 100 foiz yapon kapitaliga ega korxonalar bo‘lib, iqtisodiyotning turli sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.

Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga dekarbonizatsiya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashni qamrab olgan «yashil» transformatsiya sohasidagi qo‘shma loyihalar kiradi. Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan tarmoqlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shuningdek, Yaponiya O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, bu yapon kompaniyalarining ustuvor yo‘nalishlari va kompetensiyalariga mos keladi hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.

Mohigul Qosimova, O‘zA