Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiya ichki ishlar va kommunikatsiyalar vaziri Yoshimasa Xayashi bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiya va kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, vazir Sh.Shermatov O‘zbekistonni yapon kompaniyalari uchun istiqbolli autsorsing markazi sifatida ilgari surish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, joriy yilning may oyida Tokio shahrida IT Park’ning ilk xorijiy filiali ochilgani bu yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri ekani qayd etildi. Mazkur filial ikki davlat o‘rtasidagi AT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yapon kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Xalqaro elektr aloqa ittifoqining 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan konferensiyasi doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA