Samarqand shahrida O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining beshinchi forumi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiyaning Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi forum “Bilim va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlik: inson taraqqiyoti va innovatsiyalar yo‘lida fanlararo yondashuvlar” mavzusida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda vazirliklar, Yaponiyadagi 15 dan ziyod va O‘zbekistondan 30 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Hiroshi Masuko, Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kenji Xirata, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va boshqalar so‘zga chiqib, keyingi yillarda an’anaviy kasb etgan mazkur tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish hamda akademik almashinuvlarni yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi, – dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Hozir mamlakatimizdagi oltita oliy ta’lim muassasasida yapon tili tizimli ravishda o‘qitib kelinmoqda. 1184 nafar talaba yapon tilini asosiy yo‘nalish va birinchi chet tili sifatida, 500 dan ortiq talaba esa ikkinchi chet tili sifatida o‘qimoqda. O‘z navbatida Yaponiya oliy o‘quv yurtlarida 2315 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz universitetlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, hamkorlikni aniq natija beruvchi loyihalarga aylantirishdir.
[gallery-25993]
Forum yalpi majlisida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va nufuzli ekspertlar asosiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari, inson kapitaliga sarmoya kiritish, fanlararo yondashuvlar asosida intellektual jamiyatni shakllantirish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Jumladan, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti va Tskuba universiteti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari