Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Yaponiya munosabatiga bir nazar...
10:02 / 2022-12-29

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyada bo‘ldi.

Joriy yil 22-25 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbir kun tartibidan transport bog‘liqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida hamkorlik masalalari o‘rin olgan edi.

Tashrif doirasida vazir qator ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari hamda vatandoshlar bilan uchrashdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Vladimir Norov ilk uchrashuvni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Junichi Yamada bilan o‘tkazdi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/22/14/03/%D0%96%D0%B0%D0%B9%D0%BA%D0%B0_V_BmoYXlr1_normal.jpg

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va JICA o‘rtasidagi “Taraqqiyot uchun rasmiy ko‘mak” dasturi doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.

1993 yildan 2021 yilgacha mazkur tuzilma homiyligida mamlakatimizda imtiyozli kreditlar doirasida 1,5 milliard dollar, grantlar va texnik ko‘mak dasturlari bo‘yicha 232,2 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni payt umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik o‘n uchta loyiha amalga oshirilyapti. Tomonlar, shuningdek, 700 million dollarlik o‘n to‘rtta yangi loyiha ustida ish olib borishmoqda. Junichi Yamada JICA O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori, deb bilishini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar jarayonini yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Energetika, chiqindilarni kamaytirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, transport va logistika, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

“All Nippon Airlines” kompaniyasi prezidenti Shin’ichi Inouye bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa turizm va aviatsiya sohalarida ikki tomonlama munosabatni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/22/14/03/%D0%90%D0%9D%D0%90_bLZTKGtPKE_normal.jpg

Yaponiya tomoni mamlakatimizda turizmni faol rivojlantirish, xorijlik sayyohlar uchun shart-sharoit yaratish, turizm infratuzilmasini taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasini ijobiy baholadi.

Shu nuqtai nazardan muzokara davomida Samarqand, Buxoro, Urganch va yurtimizning boshqa tarixiy shaharlariga “All Nippon Airlines” aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Vladimir Norov Yaponiya Adliya vaziri Ken Sayto bilan uchrashuvda sud-huquq sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/08/38/%D0%BC%D0%B8%D0%BD%D1%8E%D1%81%D1%82_AF3UbjJBWp_normal.jpg

K.Sayto mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, qonun ijodkorligi jarayonini modernizatsiya qilish, qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash, xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Xususan, tomonlarning huquqni qo‘llash amaliyoti hamda tergov tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tajriba va axborot almashishdan manfaatdorligi qayd etildi. Ikki davlat prokuraturasi o‘rtasida memorandum imzolash, huquqni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlashda ta’lim muassasalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.

Bilamiz, O‘zbekiston iqtisodiyotiga talab katta bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida izchil harakatlar olib borilmoqda.

Vladimir Norovning Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Keyko Nagaoka bilan o‘tkazgan muzokara davomida ayni shu masala muhokama qilindi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/09/26/%D1%82%D0%B0%D1%8A%D0%BB%D0%B8%D0%BC%20%D0%B2%D0%B0%D0%B7%D0%B8%D1%80%D0%B8_Zal7aJXVi1_normal.jpg

K.Nagaokaning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta’lim, o‘quv muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi islohotlarni amalga oshirishni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonning maktabgacha va maktab dasturlarini takomillashtirish, o‘qitish metodikasi va zamonaviy darsliklar yaratish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rganishga qiziqishi haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) raisi Nobuxiko Sasaki bilan uchrashdi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi investitsiya va savdo aloqalari, metallurgiya, kimyo va to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqboli ko‘rib chiqildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/09/48/%D0%96%D0%B5%D1%82%D1%80%D0%BE2_bH5JuDz_s-_normal.jpg

Tashkilot raisi respublikamizning Yaponiya bozoriga eksportini oshirish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va inson kapitalini rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Vazir Yaponiya ishbilarmon doira vakillarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan iqtisodiy tadbirlarda, xususan, ikkinchi Toshkent investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yig‘ilishi doirasida Vladimir Norov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda “Yaponiya – Markaziy Osiyo” parlament do‘stlik ligasi raisi Taro Aso va Liga a’zolari bilan uchrashdi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/10/23/%D0%BF%D0%B0%D1%80%D0%BB%D0%B0%D0%BC%D0%B5%D0%BD%D1%82001_WAc4XcOe62_normal.jpg

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan V.Norov O‘zbekiston tomoni Liganing tashkil etilishini Yaponiya tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning ahamiyati ortib borayotganidan dalolat, deb bilishini ta’kidladi.

Hozirgi bosqichda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida yuksak darajadagi ishonch va o‘zaro anglashuv o‘rnatilgani qayd etildi. Siyosiy, ishbilarmonlik, ilmiy va akademik doiralar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlari shakllantirildi.

– Parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish sur’ati ta’kidlandi. bugungi kunda Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi a’zolari soni 41 nafarga yetdi, – deyiladi TIV axborotida.

Tokioga tashrif chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/10/53/%D1%82%D0%B0%D0%B1%D0%B8%D0%B0%D1%821_gu95Pn4iO9_normal.jpg

Mazkur hujjat O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Yaponiya atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Akixiro Nishimura o‘rtasidagi uchrashuv doirasida kelishildi.

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi xususida so‘z yuritildi.

Tomonlar shu yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekistonda yashil texnologiyalarni joriy etish va dekarbonizatsiyalash jarayonini jadallashtirish maqsadida Yaponiya investitsiyasini jalb etishni nazarda tutuvchi “Qo‘shma kreditlash mexanizmi” bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanganini olqishladilar.

Yaponiya Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish, jumladan, Orolbo‘yi hududida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi faoliyatida ishtirok etish orqali O‘zbekistonga ko‘mak berishda davom etishga tayyor.

Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan uchrashuvda mintaqamiz mamlakatlari bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/11/19/%D0%9A%D0%B8%D1%88%D0%B8%D0%B4%D0%B0_eTD4btbvge_normal.jpg

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Yaponiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimizning tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi. Yaponiya hukumatining Orolbo‘yida ekologik vaziyat va aholi turmushini yaxshilashga qo‘shgan hissasi alohida qayd etildi.

Tashrifning muhim qismi 24 dekabr kuni - “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida transport bog‘liqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbolini muhokama qildilar.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/15/54/IMG_5096_LmFN4jHPaq_normal.jpg

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit shakllangani, ko‘plab masalalar hal etilgani, iqtisodiy hamkorlik kengaytirilgani, insonlar o‘rtasida erkin muloqot uchun sharoit yaratilgani alohida qayd etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2016 yildan 2021 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 6,4 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jumladan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” biznes-muloqotini o‘tkazish, Yaponiya nou-xau va investitsiyalarini joriy etish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport tizimini raqamlashtirish, barqaror energiya ta’minoti, “yashil” kun tartibini ilgari surish, tibbiyot muassasalari va korxonalarini yaratishda Yaponiyadan grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tashabbuslar e’lon qilindi.

Yig‘ilishdan so‘ng Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi bilan ikki tomonlama uchrashuvda 2023 yilga mo‘ljallangan tadbirlar jadvali, jumladan, O‘zbekiston – Yaponiya vazirliklararo maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi ko‘rib chiqildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/16/19/Hayasi_HeZVDL8roA_normal.jpg

V.Norov, shuningdek, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashdi. Muloqot chog‘ida oxirgi besh yilda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni yetti barobar oshgani, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning o‘sish sur’ati kuzatilayotgani aytildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/17/07/Biznesmenlar_yjoHU9gg0t_normal.jpg

Kelishuvga muvofiq, delegatsiyamiz a’zolari Sukuba universiteti prezidenti, Yaponiya Milliy universitetlari assotsiatsiyasi raisi Kyosuke Nagata bilan uchrashib, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ta’lim, fan va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

K.Nagata mamlakatimizda 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilgani O‘zbekiston Prezidentining ta’lim sohasiga qaratayotgan alohida e’tiborining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/17/24/%D0%A6%D1%83%D0%BA%D1%83%D0%B1%D0%B0_jc108Xc-G6_normal.jpg

Yaponiya Milliy universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

So‘ngi tadbir – mamlakatimizning Tokio shahridagi elchixonasida Yaponiyada tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar hamda O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yaponiyalik fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/13/28/%D0%B2%D0%B0%D1%82%D0%B0%D0%BD%D0%B4%D0%BE%D1%88%D0%BB%D0%B0%D1%80_5hDtHvfs8B_normal.jpg

Muloqot ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, shuningdek, yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi, jumladan, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Yurtdoshlarimiz o‘z so‘zlarida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ishtirok etishga, bilim va tajribani yurt ravnaqiga yo‘naltirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Yakunda O‘zbekiston – Yaponiya munosabatini rivojlantirishga faol hissa qo‘shayotgan vatandoshlar va Yaponiya fuqarolariga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tashakkurnomalarini topshirish marosimi tashkil etildi.

https://cdn3.mfa.uz/2022/12/24/13/29/%D0%B2%D0%B0%D1%82%D0%B0%D0%BD%D0%B4%D0%BE%D1%88%D0%BB%D0%B0%D1%802_d8by8rYcKj_low.jpg

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA